Oxunova Tursunoy

Oxunova Tursunoy (1937.20.5 – Chinoz tumani eski Toshkent qishlog’i — 1983.21.9) — o’zbek xotin-qizlari orasida paxta terish texnikasini o’zlashtirish harakati tashabbuskori, 2 marta mehnat qahramoni (1959, 1978), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jaligi mexanizatori (1967). Qishloq xo’jalik mexanizatorlari kursini bitirgandan keyin slesar, paxta MTSda mexanizator (1954-60), 1960 yildan Chinoz tumanidagi Kirov nomidagi jamoa xo’jaligi (hozirgi T. Oxunova nomidagi shirkat xo’jaligi)da paxta terish mashinasi mexanik haydovchisi, kompleks mexanizatsiyalashgan paxtachilik brigada boshlig’i bo’lib ishladi. Oxunova boshliq brigada paxta yetishtirishning ilg’or usullarini qo’llab katta yutuqlarga erishdi. Shuningdek, u 2 qatorli vertikal shpindelli paxta terish mashinasi konstruktsiyasini takomillashtirishda va qishloq xo’jaligiga joriy etishda ishtirok etdi. 60-70-yillarda Oxunova tashabbusidan davlatning rasmiy targ’ibot-tashviqot ishlarida keng foydalanildi. Oxunova brigadasi bazasida «ilg’or tajriba maktabi», xotin-qizlar uchun mexanizatorlik hunar-texnika bilim yurti tashkil etildi, tursunoychilar harakati paxta yetishtiruvchi boshqa respublikalarga ham keng yoyildi. Lekin, dalalarning ekologik muhiti va mexanizatsiyalash ishlaridagi zo’riqishlar ayollar organizmida zararli asoratlar qoldirishi natijasida keyinchalik xotin-qizlarning paxta terish mashinalarida ishlashiga barham berildi. Chinoz tumanidagi eski Toshkent qishlog’ida Oxunovaning byusti o’rnatilgan, muzeyi bor, o’rta maktab va mahalla uning nomi bilan ataladi.