Ombur
Ombur — 1) mix sug’urish, narsalarni qisib ushlash, egish, qirqish uchun ishlatiladigan ikki jag’li asbob. Yassi jag’li, dumaloq jag’li, o’tkir jag’li, gajombur (jag’lari bir tomonga egilgan), no’g’aydo’z (etikdo’zlik va kavushdo’zlikda ishlatiladigan), qalamgir (temirchilikda ishlatiladigan), Nov Ombur (jag’ining o’rtasi novsimon, taqachilar ishlatadi) va boshqa xillari bor. Ba’zi stanoklarda Ombur stanokning bir qismi vazifasini o’taydi. Turli-tuman donali yuklarni ko’tarishda yuk omburi ishlatiladi. Materialni (masalan, simni) ham egib, ham qirqib, ham qisadigan (montyorlar ishlatadigan) universal Omburlar ham bor. Metallurgiya, metallsozlik, duradgorlik, temirchilik, zargarlik, montyorlik va boshqa sohalarda, uy-ro’zg’orda ishlatiladi; 2) elektrotexnikada yuqori voltli liniyalarda tok kuchi va elektr kuchlanishini o’lchaydigan asbob. Kallagi ferromagnit o’zakdan iborat. Unda induktivlik g’altagi joylashgan.