Olimjonov Anvar
Olimjonov Anvar (Alimjonov Anuar) (1930.2.5, Toldiqo’rg’on viloyati, Qorlig’ash ovuli) — qozoq yozuvchisi. Qozog’iston universitetini tugatgan (1954). 1955 yildan “Literaturnaya gazeta”, keyinroq “Pravda” gazetalarining Qozog’istondagi muxbiri, “Qozoqfilm” kinostudiyasi bosh muharriri (1960— 70), 1971 yildan Qozog’iston Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi. Dastlabki asari “oq do’st, qora do’st, sariq do’st” 1958 yilda chop etilgan. “Mangu tomirlar” (1960), “karvon quyosh tomon bormoqda” (1963), “zangori tog’lar” (1964), “O’tror armug’oni” (1966), “Qorashunqor ko’prigi” (1969), “jamshid oynasi” (1970), “Qurmong’ozining bolalik chog’i” (1972), “Rudakiy taxti”, (1974), “muallimning qaytishi” (1978) singari qator roman va qissalar muallifi. “Mahambet nayzasi” (1969) romanida qozoq xalqining o’tmishi, orzu-umidlari tasvirlangan. “Do’stlar uchrashganda” (1959), “suvda, quruqlikda ellik ming mil” (1962) kabi kitoblarida Olimjonovning ocherklari va publisistik maqolalari o’rin olgan. Yozuvchining “Mahambet nayzasi” romani hamda publisistik asarlari o’zbek tilida nashr etilgan. Abay nomidagi Qozog’iston davlat mukofoti (1967) va xalqaro Neru mukofoti laureati (1969).