Olchin, alchin
Olchin, alchin — bir qancha turkiy xalqlar tarkibiga kirgan yirik kabila Ittifoqi. Olchinlar qadimgi turkiy xalqlardan bo’lib, milodning boshlarida Oltoyda va Irtish daryosi yaqinidagi cho’llarda yashaganlar. Keyinchalik (6-asrdan) Turk xoqonligi, Kimaklar davlati, qipchoqlar Ittifoqi va boshqalar tarkibida bo’lgan. Mo’g’ullar davlati parchalanishi bilan Olchinlar No’g’ay O’rda va 16-asr o’rtalarida esa qozoq xalqi tarkibiga kirgan. Olchinlarning ayrim guruhlari boshqird, Qozon tatarlari, Qrim va shimoliy Kavkaz no’g’aylari va qoraqalpoqlar, kichik bir qismi o’zbeklar tarkibida ham bor. 1926 yil ma’lumotlariga ko’ra, Buxoro vohasida (2525 kishi), Karmana atrofida (750 kishi) va Qashqadaryoning quyi oqimida (Olchin qishlog’ida, 300 kishi) yashaganlar. Olchinlar alimuli, bayuli, jetiuru qabilalariga, bularning har biri, o’z navbatida, yana bir qancha urug’larga bo’lingan.