Oltinxon to’ra
Oltinxon to’ra, Mahmud ibn Sayid Nazir at-Taroziy (taxminan 1894, Avliyo ota, hozirgi Taroz shahri — 1991.26.6, Makka) — ulamo, adib, tarjimon. Dastlabki ta’limni padari buzrukvoridan, so’ngra Shayx ibn Kamol Nosirxon To’ra Kosoniydan, davrining boshqa yetuk olimlaridan oldi. Xo’jand, Toshkent, Buxoro madrasalarida o’qidi. Arab, fors, turk tillarining barcha lahjalarini mukammal egalladi, mudarris bo’lib yetishdi. Sho’ro tuzumining ziyolilarga, ilm ahllariga o’tkazgan nohaq zug’umi sababli mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 1932 yildan Kobul shahrida istiqomat qila boshladi. Vir muddat Afg’oniston maorif vazirligida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. So’ng Hindistonning Bombay shahridagi masjidda Imom xatib bo’lib xizmat qildi. 2-jahon urushi boshlangandan keyin Saudiya Arabistoniga ko’chib borib, umrining oxirigacha Makka va Madina shaharlarida yashab ijod etdi. Oltinxon to’ra Makkadagi xarami sharif, Madinadagi masjid an-Nabaviyda mudarrislik qilib Qur’on va hadislardan saboq berdi. Oltinxon to’ra tafsir, hadis, fikh, adabiyot va ilmning boshqa sohalariga oid 20 dan ortiq asarlar muallifi va tarjimonidir. U Qur’oni karimni hozirgi zamon o’zbek tiliga ilk bor tarjima qilib, tafsir yozdi. Bu kitob Hindiston, Pokiston (1976) va Saudiya Arabistonida (1985) chop etilgan. Shuningdek, olim Qur’onning ayrim suralarini ham tarjima va tafsirlari bilan alohida holda nashr qildirgan. Imom Abu Zakariyo an- Nabaviyning payg’ambar hadislariga bag’ishlangan “Riyoz US-solihiyn” (“yaxshilar gulshani”) nomli 4 jildli asarini, Imomi A’zamning “fikh al-Akbar” (“Asosiy shariat qoidalari”), “Aqoid Islomiya”, “Hizb al-A’zam” kabi kitoblarini arabchadan o’zbek tiliga o’girdi. O’zbek, Arab, fors, urdu tillarida diniy ma’rifiy mazmunda risolalar, tasniflar, ruboiylar yozdi. Oltinxon to’ra tomonidan at- Termiziy qalamiga mansub “kitob ash- Shamoilu an-Nabaviya” asarining o’zbek tiliga qilingan tarjimasi sunggi yillarda Toshkentda Arab va hozirgi o’zbek imlosida bir necha marta nashr etildi. As: Riyoz Us-solihin (yaxshilar Gulshani), 1-kitob, T., 1991; kitob al-haj, T., 1993. Ad.: Jalilov S, Sayid Mahmud Taroziy — Oltinxon to’ra, T., 1997.