Qosimov Sulaymon
Qosimov Sulaymon (1909.6.1, Sariosiyo tumani — 1976.28.8, Farg’ona) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1944). 1930 yil Marg’ilondagi “Qizil san’at” to’garagini boshlovchilaridan (bu to’garak keyinchalik 1931 yil Marg’ilon shahar teatriga aylangan). Bu teatrda Temurxo’ja (“loyqalar”), Eshon (“Hujum”), Meli (“O’rtoqlar”), Raim yamoqchi (“Halima”), Kalaf (“Malikai Turandot”) kabi obrazlar yaratgan. Qo’qon teatrida (1933 — 34), Farg’ona teatrida (1934-65) akter, rejissyor, bosh rejissyor, direktor, Farg’ona viloyat san’at boshqarmasi boshligi (1943-48). Hokim (“boy ila xizmatchi”), Flarendo (“ikki boyga bir malay”), Sulaymon (“Arshin mol olon”), Berest (“Platon Krechet”), Rustam kabi rollari bilan tanilgan. “Layli va Majnun”. “Shohsanam”, “Nodira”, “O’lim bosqipchilarga”. “Uyg’onish” va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan.