Qosim Ali

Qosim Ali (yoki Qosim ibn Ali) Chehrakushoy (15-asr 2-yarmi Hirot — 16-asr 30-yillar, Seiston) — musavvir, xattot va olim; Hirot miniatyura maktabining yirik vakili. Kamoliddin Behzodning eng yaqin shogirdi. Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasida tarbiya topgan va ijod qilgan, Sulton Husayn Mirzo hukmronligi davri (1469-1506)da saroy kutubxonasida ishlagan. Hirotni 1510 yilda Shoh Ismoil Safaviy egallagach, musavvir Seistonga ketib, u yerda mudarrislik maktubi saqlangan (kalkuttadagi Osiyo jamiyati kutubxonasida, Hindiston). Qosim Alining «Alisher Navoiy va Sulton Muhammad Mirzo» asari mashhur (muraqqa’da, Istanbuldagi To’pqopu muzeyida); Navoiyning «Xamsa» (Shahzoda Badiuzzamon Mirzo uchun tayyorlangan nusxasi, Oksforddagi bodli kutubxonasida, Buyuk britaniya), Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa» dostonlari (Britaniya muzeyida, London) va boshqa qo’lyozmalarni nafis mo’jaz rasmlar bilan bezagan; rasmlar rangga boyligi, tiniqligi, kishilarning o’ziga xos xususiyatlarini ko’rsatishga intilganligi bilan diqqatga sazovor. Ularda «Amali faqir Ali», «amali Qosim Ali», «Savarruhu Qosim Ali» kabi yozuvlar bilan qaysi musavvir ishi ekanligi qayd etilgan. Qosim Ali haqida tarixchilardan G’iyosiddin Xondamir, Mirzo Muhammad Haydar, qozi Ahmad Qumiy va boshqalarning asarlarida ma’lumotlar bayon etilgan.