Qorjontov

Qorjontov — G’arbiy Tyanshan tog’ sistemasidagi tizma. Asosan, Qozog’iston Respublikasi Janubiy Qozog’iston viloyatida, faqat g’arbiy qismining Janubiy yon bag’ri O’zbekiston Respublikasining Toshkent viloyatiga kiradi. Janubi-g’arbdan shimoliy-sharqqa cho’zilgan. O’rtacha balandligi Markaziy qismida 2000 metr, Janubi-g’arbida 700-800 metr. Eng baland joyi 2823 metr (Mingbuloq cho’qqisi). Janubi-g’arbda Qorjontov pasaya borib Qorachatov qiriga aylanadi. Bu yerda O’zbekiston bilan Qozog’iston chegarasida Qorjontovning eni 30-40 kilometr. Qorjontov shimoliy-Sharqiy yo’nalishda 90 kilometr davom etib, Ugom tizmasining o’rta qismiga borib taqaladi. Tizmaning Janubiy-Sharqiy yon bag’ri qisqa va tikroq, soylar bilan chuqur kesilgan. Shimoliy g’arbiy yon bag’ri Keles daryosining chap irmoqlari bilan kesilgan. Qorjontovning katta qismi paleozoy davri vulkan jinslari, qumtosh, slanes, konglomeratlardan tashkil topgan. Ba’zi qismlarida devon va toshko’mir davrlari ohaktoshlari va dolomitlar tarqalgan bo’lib, ularda karst relef shakllari (karrlar, karst Voronkalari, shaxtalar, g’orlar) hosil bo’lgan. Qorjontovning yon bag’irlari har xil o’tlar bilan qoplangan. Yon bag’irlarini kesib o’tgan chuqur vodiylarda qoraqarag’ayzorlar, 1400-2000 metr balandliklarda yong’oqzor-mevazorlar uchraydi. Qorjontovdan shimoliy-g’arbda Juzumsoy, Qizilotasoy, Uyasoy, Qorjonsoy, Oqparak, Ko’kpaksoy va boshqalar, Janub va Janubi-sharqqa Urgutsoy, Qizilsuv, Chilmay-RAM, Oqtosh, Ozodbosh, Tovoqsoy va boshqa daryolar oqib tushadi.