Nukus – G’uzor avtomagistrali
Nukus – G’uzor avtomagistrali — O’zbekiston Respublikasidagi xalqaro ahamiyatli avtomobil yo’li. 1956-70 yillarda qurilgan. Gazlidagi gaz konining ochilishi va Buxoro — Ural gaz quvurining qurilishi uchun zaruriy yuklarni yetkazib berish, Amudaryoning quyi qismida joylashgan tumanlarni iqtisodiy rivojlantirish maqsadida qurilgan. Yo’l Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan o’tgan, Nukus, Beruniy, To’rtko’l, Gazli, qarshi va G’uzor sh.larini o’zaro bog’laydi. Nukus – G’uzor avtomagistrali orqali qo’shni Turkmanistondan mamlakatimizga kirib kelayotgan barcha xalqaro tranzit yuklar ham tashiladi. Bugungi kunda Yevropa mamlakatlari chiqadigan “Astraxon — Oqto’ba” avtomagistraliga bog’lanish uchun yo’lning Mang’ishloq viloyatiga olib chiquvchi 407 kilometr uzunlikdagi qismi zamonaviy andozalar talabida ta’mirlanmoqda. Yo’lning umumiy uzunligi 770 kilometr. Shundan 408 kilometr asfaltbeton, 362 kilometr qora qoplamali. Yo’ldagi transport harakatining o’rtacha sutkalik katnov jadalligi Nukusda 1670, Xorazmda 1944, Buxoroda 6289, Qashqadaryoda 4945 avtomobilga teng (2002).