Nukus

Nukus (qoraqalpoqcha Nekis) — Qoraqalpog’istondagi shahar (1932 yildan). Qoraqalpog’iston Respublikasi poytaxti, Respublika hududining Markaziy qismida, Amudaryoning o’ng sohilida, 109 metr balandlikda. Janub va Sharqda Qizilqum cho’li bilan o’ralgan, shimolda Amudaryo deltasi bilan tutashgan. O’rtacha temperatura iyunda 27°, yanvarda -6,9°, maksimal temperatura 46°, minimal temperatura -32°. Temir yo’l stantsiyasi. Nukusdan Toshkentgacha 1265 kilometr. Qizketgan kanali shaharni kesib o’tadi. Maydoni 200 km2. Aholisi 255 ming kishi (2001; 1974 yilda 88 ming; 1959 yilda 39 ming; 1939 yilda 10 ming); asosan, qoraqalpoqlar; qozoq, o’zbek, rus, koreys, tatar va boshqalar ham yashaydi. Hozirgi Nukus shahri o’rnida 19-asrning 60-yillarida Nukus ovuli mavjud bo’lgan. 1870-yillardan Nukusda savdo-sotiq, hunarmandchilik, baliq ovlash birmuncha rivojlandi, Amudaryoning suv rejimini nazorat qiluvchi gidrologik post qurildi. Rus mustamlakachilari Nukusda 1500 kishilik garnizonni joylashtirdi. 1877 yil rus-tuzem maktabi ochildi. 20-asrning boshlarida Nukus ovuli Amudaryoningo’ng sohilidagi eng yirik aholi punktlaridan biriga aylandi. 1930 yil 12 noyabrda Qoraqalpog’iston Muxtor Respublikasining markazini To’rtko’l shahridan Nukus ovuliga ko’chirish haqida qaror qabul qilindi. 1932 yildan Nukusda yangi ma’muriy binolar qurilishi boshlandi. 1939 yil Respublika ma’muriyati Nukus shahriga ko’chib o’tdi. Shaharning yirik avtomagistrallar tugunida joylashganligi unda ko’p tarmoqli sanoatining tez rivojlanishiga sabab bo’ldi. Nukus— Toshhovuz, Nukus — G’uzor avtomagistrallari xalqaro ahamiyatga ega. 345 kilometrli Navoiy — Nukus temir yo’li., Nukus bilan Xo’jaylini bog’laydigan ko’prik. 243 kilometr uzunlikdagi Tuyamo’yin — Nukus, 112 kilometr uzunlikdagi Nukus, Taxtako’pir suv uzatish tarmoutari qurildi. Respublika sanoati umumiy mahsulotining 20% ni Nukus shahar sanoat korxonalari beradi. Shaharda 50 dan ziyod sanoat korxonasi bor. Metallsozlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, yengil, yog’ochsozlik va poligrafiya sanoati tarmoqlari mavjud. Nukusda yurilish materiallari sanoati yaxshi rivojlangan, yirik panelli uysozlik va silikat-beton zavodlari, qurilish materiallari kombinatlari, g’isht, kabel zavodlari, marmar ishlab chiqarish bo’yicha Qoraqalpoq—Italiya qo’shma korxonasi bor. Non, go’sht, sabzavot-konserva, tegirmon va aralash yem kombinatlari, sut-yog’, vino-araq va pivo-limonad zavodlari, bozorlar ishlab turibdi. Nukusda shirinmiya dorivor o’simligi ildizini yig’adigan va presslaydigan tibbiy korxona mavjud. Bu korxonaning mahsuloti AQSh, Kanada, Yaponiya, shuningdek, Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi. Yengil sanoat korxonalariga O’zbekistonda yagona o’tov-kigiz kombinati, tikuv va trikotaj fabrikalari, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati kiradi. Shaharda o’zbek, qoraqalpoq. va rus tillarida gazeta-kitoblar bosadigan matbaa kombinati, mebel fabrikasi bor. Nukusdan turli yunalishlarda avtobuslar qatnaydi. Nukus havo yo’llari orqali O’rta Osiyo va Qozog’iston, Yevropa mamlakatlari shaharlari, Moskva, Mineralnie Vodi, Kiyev, Volgograd, Boku, Ostona, Qizilo’rda, Toshkent va O’zbekistonning barcha viloyat markazlari bilan bog’langan. Nukus — Qoraqalpog’istonning ilm-fan va madaniyat markazi. Nukusda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, O’zbekiston Badiiy Akademiyalarining Qoraqalpog’iston filiallari, O’zbekiston teri-venerologiya, onkologiya, shuningdek, chorvachilik ilmiy tadqiqot institutlarining filiallari, pedagogika instituti, Qoraqalpog’iston universiteti, o’qituvchilar malakasini oshirish instituti va boshqa oliy o’quv yurtlari ishlab turibdi. 43 umumiy ta’lim maktabi, bir qancha akademik litsey, 2 sport, 2 musiqa maktablari, 18 o’rta maxsus bilim yurti, klub, kutubxona, sport majmui, madaniyat saroyi mavjud. Nukus telestudiyasi o’z dasturlaridan tashqari, Moskva, Toshkent, Ashxobod teleko’rsatuvlarini ham olib ko’rsatadi. Shaharda 5 kasalxona, poliklinika, dorixonalar va konsultasiya punktlari, tez yordam stansiyasi bor. Berdaq nomidagi davlat musiqali drama teatri, filarmoniya, san’at muzeyi va boshqa muzeylar, 5 ming tomoshabinga mo’ljallangan amfiteatr, Markaziy stadion, 57 sport zali, botanika bog’i mavjud. Nukus O’zbekistonning yosh va ko’rkam shaharlaridan biri. Shahar 1936 yilgi bosh plan asosida qurila boshlagan edi. 1965 yil yangi bosh plani bo’yicha (me’mor A. M. Erkaboyev va muxandis T. Z. Ziyoyev) Nukus ko’kalamzorlashtirilgan to’g’ri to’rtburchakli dahalarga bo’lingan. O’zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga qo’shayotgan munosib hissasi va shaharning 70 yilligi munosabati bilan Nukus «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlandi (2003 yil 11 sentabr).