Noqis
Noqis (taxallusi; asl ism-sharifi Abdulqodir Muhammadshokir o’g’li) (1860 — Kattaqo’rg’on — 1929) — o’zbek shoiri. Kattaqo’rg’on, Buxoro madrasalarida o’qigan. 1895 yilda Kattaqo’rg’onga qaytib, madrasada mudarrislik qilgan, dehqonchilik bilan shug’ullangan. Sa’diy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy va boshqalarga ergashgan, ular g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Ayniqsa, Muqimiy ijodiga ehtirom bilan qaragan, tazmin muxammaslar yozgan (“dogmen”, “Kel ertaroq”, “Nozaninim” va boshqalar). 1905 yildan Noqis ijodida ijtimoiy mazmun kuchaygan. She’rlarida ijtimoiy adolatsizlikka, nodonlikka qarshi nafrat ifodalangan. G’azallari “Bayozi Mahdiy”, “Armug’oni Xislat”, “Bayozi Miriy”, “Bayozi Jo’rabek” va boshqa bayozlarga kiritilgan. Noqis qo’lyozmalari — “Bayozi Noqis” Tojikiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №1005)da, “Devoni noqis” O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №97)da saqlanadi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Buxoroda tuzilgan tazkiralarda Noqis ijodiga yuqori baho berilgan. Shoir “Layli va Majnun” syujeti asosida doston yozganligi haqida ma’lumot mavjud. Ammo u hali topilmagan. Noqisning bayozlari va 6 ming misraga yaqin she’rlari saqlangan. G’azal va muxammaslari hofizlar tomonidan kuylab kelinadi (“Hajringda dardu g’am bilan hasratda Dog’man…”va boshqa;ar). Ad.: Orzibekov R., Abduqodir Noqis, XIX asr o’zbek adabiyoti tarixiga doir materiallar, Samarqand, 1985.