Naslchilik
Naslchilik — qishloq xo’jalik hayvonlari zotlarini takomillashtirishga qaratilgan tashkiliy-zootexnik tadbirlar majmui. Insoniyat hayvonlarni xonakilashtirgan davrlardan beri davom etib keladi. Naslchilikning asosiy vazifasi mavjud qishloq xo’jalik hayvonlari, parrandalari, asalari, baliqlar va ipak qurti zotlarini muttasil takomillashtirish, mahsuldorligini oshirish, nasldorlik sifatlarini yaxshilash, yangi tiplar, zot guruhlari, liniyalari, oilalari, zotlari, krosslari, partenoklonlarini yaratishdan iborat. Naslchilik ishlari Naslchilik zavodlari, Naslchilik xo’jaliklari, Naslchilik fermalari va oddiy xo’jaliklarda olib boriladi. Naslchilik ishida qo’llaniladigan asosiy usul urchitish uchun eng yaxshi erkak va urg’ochi hayvonlarni tanlash va ularni saralash (juftlash)dir. O’zbekistonda “Naslelita” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi qoramol, noqorako’l qo’ylar, yilqi, echki, asalari; Qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi instituti va “O’zbek qorako’li” kompaniyasi Qorako’l qo’ylari va tuya (bir o’rkachli yoki ikki o’rkachli)lar; “O’zbaliq” korporatsiyasi va akvakultura ilmiy tadqiqot instituti baliq zotining zog’ora baliq, o’txo’r baliklarning zotlari bo’lgan karp, do’ng peshona, oq Amur; “O’zbek ipagi” uyushmasi va Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti 20 tadan ziyod ipak qurti zotlari, O’zbekiston parrandachilik ilmiy markazi parranda zotlarini takomillashtirish bo’yicha ilmiy tajribalar hamda Naslchilik ishlarini olib boradi. “Naslxizmat” respublika naslchilik uyushmasi Naslchilik ishlari bo’yicha barcha xizmatlarni muvofiqlashtiradi. Davlat naslchilik korxonasi xo’jaliklardagi qoramol zotlarini takomillashtirishda qatnashadi va ularni eng yaxshi mahsuldor buqalar avlodlarining sifat bo’yicha baholangan urug’lari bilan ta’minlaydi. Respublikada Naslchilik ishlariga qishloq va suv xo’jligi vazirligining chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspektsiyasi rahbarlik qiladi. O’zbekiston Respublikasi Naslchilik ishlariga oid har qanday munosabatlar 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining “Naslchilik to’g’risida” qonuni bilan tartibga solinadi. Izatulla Eshmatov.