Naslchilik kitobi

Naslchilik kitobi, nasldor hayvonlar davlat kitobi — zot standartlariga mos keladigan naslli mollarni ro’yxatga olish kitobi. Naslchilik kitobida xo’jaliklarda urchitilayotgan hayvonlar zotlaridagi eng mashhur erkak va urg’ochi hayvonlarning kelib chiqishi va mahsuldorlik ko’rsatkichlari haqidagi ma’lumotlar qayd qilib boriladi. Naslchilik kitobi zotlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Dunyoda birinchi marta Naslchilik kitobi Angliyadagi yo’rtoqi otlarning sinov natijalari bo’yicha 1751 yilda nashr etilgan. 1793 yilda nashr etilgan kitobda 1690 yildan boshlab yo’rtoqi sof zotli otlarning genealogik ma’lumotlari to’plangan. Keyinchalik qoramol zotlari: 1822 yilda shortgorn va gernsey; 1838 yilda Jersey; 1845 yilda gereford; 1862 yilda Aberdin-anguss va Gallovey zotlari bo’yicha Naslchilik kitoblari chop etilgan. Rossiyada 1834 yilda salt miniluvchi sof zot va 1839 yilda Orlov zoti bo’yicha, 1903— 08 yillarda Kursk, Xarkov va Shimoliy qishloq xo’jalik jamiyatlarining Naslchilik kitobi tashkil etilgan. 1924 yilda Yaroslav, 1926 yilda qizil gorbat, 1927 yilda xolmogor sigir zotlari to’g’risidagi kitoblar chop etilgan. O’zbekistonda Naslchilik kitobi birinchi marta 1941 yilda N.A.Teterin va P.P.Esyutinlar tomonidan «O’rta Osiyoning zotli otlari» bo’yicha 1-jild, shuningdek, 1950 va 1960-yillarda P. K. Trofimov va V. A. Shchekinlar tomonidan «qora-bayir zotlari» kitobining 2 – va 3-jildlari, 1982 yilda K.A. Lixov, N. T. Gorshkov va T.D.Sabdushevlar tomonidan «Qorabayir zotlari»ning 4-jildi tayyorlanib, nashr etilgan. Qoramolchilikda 1958 yilda A.A. Atbashyan tomonidan «Bushuev zot guruhi» davlat Naslchilik kitobining 1-jildi tuzilgan bo’lib, unda 60 buqa va 240 sigir, 1982 yilda A. M. Mustafayev tomonidan «Bushuev zotlari» davlat naslchilik kitobining 2-jildi tuzilib, bunda 45 buqa va 568 sigir haqidagi ma’lumotlar berilgan. Qo’ychilikda 1949 yilda «Hisor qo’y zotlari»ning 2-jildi va 1980 y.da «Qorako’l qo’y zotlari»ning 11 jildi nashr etilgan. Kitobda qayd etilgan ma’lumotlardan ishlab chiqarishda keng miqyosda foydalanish mumkin. Ushbu kitob respublikada urchitilayotgan nasldor qoramol, ot, tuya, qo’y va echkilarni ro’yxatga olish, ularning mahsuldorlik ko’rsatkichlarini tahlil qilib, xo’jalik yurituvchi sub’yektlar o’rtasida keng targ’ib qilish imkonini beradi. Izatulla Eshmatov.