Neapol

Neapol — Italiyaning Janubiy qismidagi shahar. Neapol qo’ltig’i sohilida, Vezuviy vulkani etagida joylashgan. Kampaniya viloyati va Neapol Provintsiyasining ma’muriy markazi. Mamlakat Janubdagi muhim iqtisodiy va madaniy markaz. Aholisining soni bo’yicha mamlakatda 3-o’rinda (2001 yilda 993,3 ming kishi), atrofidagi shaharlar bilan birgalikda katta Neapol aglomeratsiyasini tashkil etadi. Transport yo’llarining yirik tuguni, dengiz porti (yiliga 15 million tonna yuk ortib-tushiriladi). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Katta Neapol — yirik sanoat markazi: neftni qayta ishlash, neft kimyosi, metallurgiya, mashinasozlikning turli sohalari (jumladan, kemasozlik, priborsozlik, stanoksozlik, samolyotsozlik, avtomobilsozlik), elektrotexnika va radioelektronika sanoatlari rivojlangan. Oziq-ovqat, to’qimachilik, qog’oz, tsement sanoati korxonalari mavjud. Neapol — xalqaro turizm markazlaridan bo’lganligi sababli, aholining ko’p qismi xizmat ko’rsatish sohasida band. Neapolda universitet, vulkanologiya stansiyasi, rasadxona, opera va drama teatrlari, milliy muzey, badiiy galereya, botanika bog’i, dengiz akvariumi bor. Neapol — qadimda yunonlar qishlog’i bo’lgan. Miloddan avvalgi 327-326 yillarda Rim imperiyasi egallagan. Neapol — Italiyaning qadimgi yunon madaniyat markazlaridan biri bo’lgan. 1193 yilda Sitsiliya qirolligiga qo’shib olingan, 1266 yildan uning poytaxti. 1282-1442 va 1501— 04 yillarda Neapol qirolligi poytaxti. 1860 yildan Birlashgan Italiya qirolligi tarkibida. Me’moriy yodgorliklardan ilk xristian katakombalari (2-5-asrlar), qasrlar (12-15-asrlar), gotika cherkovi (13-asr), sobor (13-20-asrlar), saroylar, monastir va boshqalar saqlangan. Harbiy dengiz bazasi.