ASHIN

ASHIN — qadimgi turkiy urug’lardan birining boshlig’i. U ikkinchi Hunnu saltanati davrida hunnular xoni Mugonxonga qaram bo’lgan. Saltanat Tabg’ach (Tobos) xonlari tomonidan yemirilgach (439), Ashin 500 uylik urug’i bilan Oltoy o’lkasining tog’li tumanlariga ko’chib o’tgan. Ashin urug’i boshqa turkiy urug’lar bilan qo’shilib, turk yoki turkut (turklar) degan nom bilan mashhur bo’la boshlagan. Biroq Tabg’ach xonlari qo’l ostidagi jujan (mo’g’ul urug’lari) xonlariga qaram edi. Ashin o’lgach, uning avlodlari teleut (turkiy qavmlardan biri) va boshqa turkiy qabilalar bilan ittifoq tuzib (545), jujanlarga qarshi kurash boshladi. Bu kurash natijasida Sharqda Koreya, g’arbda Bolqon yarim orolidagi Adirna (hozirgi Edirne) shahrigacha, Janubda Kavkaz, Eron, Afg’oniston, Tibetgacha, shimolda Sibirning shim. mintaqalarigacha cho’zilgan keng hududda birinchi ulug’ xoqonlar davlati tuzildi. Ashin avlodlari 8-asrdagi G’arbiy turk xoqonligini hamda 10-asrgacha davom etgan Xazar xoqonligini ham boshqargan.