Ta’rix

Ta’rix (Arab. — yuz bergan) — mumtoz adabiyotda mashhur kishilarning tug’ilishi va vafoti, turli binoinshootlarning qurilishi, kitoblar ta’lifi va b. muhim voqea-hodisalar vaqtini anglatuvchi san’at. T. ko’pincha u yoki bu mashhur shaxsning vafoti munosabati bilan yozilgan. T.da qo’llangan so’z va iboralar, ularni tashkil etgan Arab harflarining abjad rakami bilan qo’shib hisoblanganda, ma’lum bir sana kelib chiqadi. Sanani biddiradigan so’z yoki ibora T. moddasi, ularni tashkil etgan harflarning abjad bo’yicha yig’indisi jumal deyiladi. T. faqat mustaqil yozilmay, ba’zi bir asarlarning ichida ham keladi. T. da shoir ko’zda tutgan sana so’z yoki muammo usulida ifodalanadi. Shunga ko’ra, T. sarih (ochiq, Ravshan) va ta’miya (berkitilgan, yashirilgan) kabi 2 turga bo’linadi. T.ning sarih turida sana ochiq ifodalansa, ta’miyada avval T. moddasi topiladi. Mas., Karimbek Kamiy Chimkentdagi bir jome’maejidining ta’mirlanish sanasi haqida shunday yozadi: Soli ta’mirin savol etgan kishi, Ey Kamiy, Ravshan javob etgil ango: Mingu uch yuz ham o’tuz erdi faqat, Soli ta’rixi bu itmomi bino. Kamiy bu erda “mingu uch yuz ham o’tuz” (hijriy 1330 y.) deb, mazkur maejidning ta’mirlanish sanasini ochiq bayon etadi. T. o’ziga xos qonuniyat va poetik xususiyatlarga ega. Zamonaviy adabiyotda Anisiy, Habibiy, G’.G’ulom, ulfat, Chustiy va b. T. yozganlar. Arab yozuvi va abjad hisobiga asoslanganligi uchun hoz. kunda T. yozish an’anasi to’xtab qolgan. Ad.: Adabiy turlar va janrlar, 2j., T., 1992. Ergash Ochilov.