TABAQA

TABAQA — muayyan xalq ichida ijtimoiy mavqeiga qarab bo’linadigan guruh. Tabaqa urf-odat yoki qonunda mustahkamlangan, avloddan avlodga o’tib keladigan xuquq va burchlarga ega bo’lgan. Tabaqalar o’tmishda an’anaviy zodagonlik va aslzodalik tushunchalari mavjud bo’lgan joylarda vujudga kelgan. Sharq mamlakatlarida jamiyatni turli Tabaqalarga bo’linganligi tarixiy manbalarda qayd etib o’tilgan. Masalan, qadimgi Hindistonda varnalar, kastalar mavjud bo’lgan. Musulmon mamlakatarida harbiylar, ahli qalam, ulamolar, qozilar, raiyat va boshqa alohida Tabaqaga ajralgan. Markaziy Osiyoda jamiyatni Tabaqaga ajratishni shartli ravishda 2 ga bo’lish mumkin. Birinchisi, sinfiy Tabaqaga ajratish, uning tarixi ibtidoiy jamiyaning yemirilishi va sinfiy munosabatlarning shakllanishi, dinning kelib chiqishi bilan bog’liq. Masalan, qabila boshliqlari, kohinlar jamiyatning imtiyozli Tabaqasini tashkil etishgan. Ikkinchisi, ijtimoiy Tabaqaga ajratish Tabaqaning bu shakli ham ilk yozma manbalarga ko’ra (Avesto) Markaziy Osiyoda qadimgi tarixga ega. Arablar istilosi, Islom dini tarqalganidan so’ng, yanada keng tarqalgan. Sayyid, Xo’ja, to’ra, Mir, bek va boshqalar jamiyatning oqsuyaklar Tabaqasini tashkil etgan bo’lsa, oddiy fuqaro — qorachalar deb nomlangan. Masalan, sayyidlar payg’ambar avlodlari sanalib, ular musulmon jamiyatida imtiyozli ijtimoiy Tabaqani tashkil qilganlar va dindorlar orasida katta obro’-e’tiborga ega bo’lishgan. Xalq sayyidlarni ba’zan avliyolar qatoriga qo’ygan. Xo’jalar Islomda oqsuyaklar Tabaqasi sifatida sayyidlardan keyin turib, ba’zi musulmon mamlakatlarida hozir ham ularning imtiyozlari saklanib qolgan. O’tmishda Xo’jalar bilan oddiy fuqarolar (qoracha) o’rtasida quda-andachilik munosabatlari cheklangan. Ijtimoiy munosabatlar rivojlanishi bilan jamiyatda ijtimoiy tafovut yo’qolib boradi. O’rta Osiyoda 20-asrga qadar turli ijtimoiy Tabaqalar mavjud bo’lgan. Tabaqachilikning yuksak namunasi Frantsiyada bo’lib, u yerda 14-15-asrlardan boshlab jamiyat Tabaqalarga bo’lingan. Yuqori Tabaqa aristokratiya va mayda dvoryanlar (jentri)dan iborat edi. Ruxrniylar boshqa Tabaqaga mansub bo’lib, ular bir oz quyiroqda tursalarda, maxsus imtiyozga ega edilar. Oddiy xalqni esa keyinchalik «uchinchi Tabaqa» deb atay boshladilar. Tabaqalanish boshqa davlatlarda turlicha shakllarda ko’rinadi. Sayfullo Tursunov.

TABAQA (Arabcha — qatlam) — 1) muqarnas qatorlari: 3, 5, 7 Tabaqa.; 2) o’ymakorlikda pardoz turi.