“BULBULCHA”

“BULBULCHA” — O’zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi bolalar katta xori. O’zbekistonda eng mashhur va yirik bolalar xor jamoasi, xor uslubida kuylash san’atining faol targ’ibotchisi. 1970 yil tashkil topgan, 1982 yildan “Bulbulcha” nomida. Badiiy rahbari va bosh xormeyster — O’zbekiston xalq artisti Sh. Yormatov. Tarkibida tayyorlov, kichkintoylar (7 yoshgacha), o’rta (8-15 yoshdagi), o’smirlar (15-20 yoshdagi), raqs, doirachilar, folklor guruhlari mavjud. Repertuaridan mumtoz xor san’ati (I. S. Bax, V. Mosart, F. Shubert ijodi) namunalari, rus (D. Kabalevskiy, G. Struve. A. Sokolov va boshqalar), va, ayniqsa o’zbek kompozitorlari (M. Ashrafiy, M. Leviyev, D. Zokirov, S. Yudakov, K. Abdullayev, A. Muxammedov, F. Qodirov, M. Burhonov, R. Vildanov, R. Abdullayev, F. Alimov, N. Norxo’jayev, A. Mansurov, D. Omonullayeva, M. Otajonov va boshqalar) asarlari keng o’rin olgan. “Bulbulcha” respublika va xalqaro (Rossiya, Finlyandiya, Estoniya, Turkiya va boshqalar) xor festivallarining qatnashchisi va sovrindori. Xususan, Yugoslaviyaning Skople shahridagi “Oltin Bulbulcha” Xalqaro bolalar festivali (1981, 1983, 1985), Minsk shahridagi xalqaro bolalar xori festivali (1989) va boshqalar. Xor ijro etgan qo’shiqlar gramplastinkalarda chiqarilgan, O’zbekiston radiosi va televideniyesi fondlarida saqlanadi.