«BUXORO AXBORI»

«BUXORO AXBORI» — BXSR hukumati gazetasi. 1920 yil 9 sentabrdan 1923 yil iyulgacha o’zbek tilida chiqqan. Adadi 3000. Gazeta Buxoro jadidlarining minbari bo’lib, milliy mustaqillikka erishish, mamlakatda burjuademokratik o’zgarishlarni amalga oshirishni targ’ib qilgan. «Buxoro axbori»da Buxoroda vijdon erkinligini ta’minlash, milliy hukumat va milliy qurolli kuchlarga tayanish, rus qizil qo’shinlarini Buxoro hududidan olib chiqib ketish va boshqa siyosiy hamda iqtisodiy masalalar ko’tarilgan. Gazeta 1923 yil iyulda Sho’ro hokimiyati tomonidan taqiklangan. Gazetaga Fitrat, Cho’lpon, Said Ahroriy, Ziyo Usmoniy, Qori Yo’ldosh va boshqalar muharrirlik qilgan. 1923 yil sentabrdan «Ozod Buxoro» nomi bilan chiqa boshlagan.