«BUXKINO»

«BUXKINO» — O’rta Osiyodagi birinchi kino tashkiloti. BXSR bilan Leningrad «Sevzapkino» tashkiloti o’rtasidagi shartnoma asosida tashkil qilingan (1924.21.4). Badiiy tashviqiy, ijtimoiy xronikal filmlar ishlab chiqarish, ularni ijaraga olish, sotib olish, kinoteatrlar qurish va ishlatish kabi masalalar b-n shug’ullangan. «Buxkino» o’z faoliyati davomida respublikada bo’layotgan muhim voqealarni aks ettiruvchi «Buxoro madaniy qurilish yo’lida», «O’rta Osiyo bo’ylab», «Moskvada Buxoro ma’rifat uyi», «Butun Buxoro qurultoyi» kabi hujjatli xronikal, «O’lim minorasi» (rejissyor V. Viskovskiy) va «Musulmon qiz» (D. Bassaligo) kabi to’la metrajli badiiy filmlar chiqardi. Badiiy filmlari ancha bo’sh bo’lsada, tushunarli va soddaligi bilan ajralib turadi. Rollarni asosan chetdan taklif etilgan aktyorlar (N. Vendelin, V. Baranova, O. Frelix, O. Tretyakova, G. Levkoev, X. Rohatova, R. Saydaliyeva va boshqalar) ijro etdi. 1925 yil «Buxkino» Turkiston davlat kino tashkiloti («Turkgoskino») bilan birlashtirilib, O’zbek davlat kino tashkiloti («O’zbekgoskino») tashkil etildi. Jo’ra Teshaboyev.