«BUXARSKIY VESTNIK»

«BUXARSKIY VESTNIK» («Buxoro axborotnomasi») — Buxoro viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazeta. Buxoro shahrida rus tilida haftada 2 marta chiqadi. Dastlab 1920 yil 5 yanvardan Buxoro shahrida «Izvestiya» («Axborot») nomi bilan nashr etilgan. 1958 yildan «Krasnaya Buxara» («Qizil Buxoro»), 1970 yildan «Sovetskaya Buxara» («Sovet Buxorosi»), so’ng «Buxarskie Izvestiya» («Buxoro axboroti») (1992— 94) nomlari bilan chiqqan. 1994 yildan hozirgi nomda. Gazetaga turli yillarda G.Ya. Krakovskiy, S.V. Bondarenko, V. G. Popov va boshqalar bosh muharrirlik qilgan. Gazeta tahririyatida turli davrlarda faoliyat ko’rsatgan M.B. Maryasin, I.V. Lazarev, V.M. Shurayevga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi unvoni berilgan. «Buxarskiy vestnik» sho’ro tuzumi davrida Buxoro viloyatida kommunistik mafkurani targ’ib qilgan yetakchi matbuot organi bo’lgan. Mustaqillik davrida maqolalarning siyosiy yo’nalishi, mazmuni va mundarijasida keskin o’zgarish ro’y berdi. «Buxarskiy vestnik» Buxoro viloyatida mustaqillik yillarida sodir bo’lgan yaratuvchilik ishlarini o’z sahifalarida aks ettirmoqda, rusiy zabon aholi o’rtasida davlatimizning ichki va tashqi siyosatini targ’ib qilmoqda. Adadi 1 mingdan ziyod (2001).