Qaysi dongdor opera bor-yo’g’i 13 kunda yaratilgan?
Bu, muallifi Joakino Rossini bo’lmish mashhur “Sevilyalik sartarosh”dir. Bu asar o’z asrining o’ziga xos sanami-kumiri. Buyuk kompozitorning vafotidan keyin yuz yildan ko’proq vaqt o’tgan bo’lsa-da, uning musiqali yog’dulari hali hanuzgacha so’nmagan. “Sevilyalik sartarosh” operasidagi Figaro — boqiy. U haddan tashqari muvaffaqiyatli timsol. G’olib Figaroda gavdalantirilgan qahramon omadli tabassum, kuch-g’ayrat, a’lo hozirjavoblik va maftunkor musiqiy ohanglarning yagona o’zanda jamlanishi tufayli butun asr musiqiy sahnasida mumtoz asar bo’lib qoldi. Daho Rossini 1792 yili Italiyaning Pezaro shahrida tavallud topadi. Bo’lg’usi ustoz uchun jiddiy ta’lim 12 yoshdan, ota-onasi (aytgancha, ular ham musiqachi) Boloniyaga ko’chib kelib, o’spirinni musiqa litseyiga berganlarida boshlanadi. Ajoyib muallimlar rahnamoligida Joakino kontrapunt, uyg’unlik, mumtoz soz usullarini o’rganadi, — umumun jiddiy musiqaviy tahsil ko’radi. Rossini 16 yoshida — litseyning o’zi bastalagan kantatasi uchun birinchi mukofot bilan taqdirlangan eng yaxshi musiqachisi, 18 yoshida esa yigit “Maestro” guvohnomasini oladi. Ta’bir joiz bo’lsa, bu endilikda muallimlarga ehtiyoj sezmaydigan mustaqil musiqachi. 36 opera muallifi, ulardan biri — “Sevilyalik sartarosh”ning me’mori buyuk Rossinining yo’li shu tariqa boshlangan edi. Bu asar yaratilishi tarixi judayam maroqli. Kunlardan bir kuni Rim opera teatrida butun matnga u o’zida har xil istehzolarni yashirgan bahonasida qatag’on e’lon qilgan politsiya bilan ko’ngilsizlik ro’y beradi. Zaxirada esa faqat Bomarshe komediyasi asosida bastalangan “Sevilyalik sartarosh” librettosi qolgan edi. Uni-da teatr impresariosi — yetakchisi Rim gubernatoriga tavsiya qiladi. Odob va xushmuomalik haqidagi quruq gap-so’zlar badiga urgan gubernator yangi opera g’oyasini tashabbus bilan qo’llab-quvvatlaydi. O’sha kezlari 24 yoshda bo’lgan Rossini librettonavisga maktub bitadi va opera yozishga uning ijozatini qozongach, ishga kirishib ketadi. Musiqa atigi 13 kunda yaratilgan edi. Va nihoyat, 1816 yilning 20 fevralida — premera. Afsuski, “Sevilyalik sartarosh”ning ilk namoyishi barbod bo’ldi. Janjalu mashmasha yosh muallifni shu qadar xafa qilgan ediki, spektakldan keyin uni chalajon bir holatda ko’radilar. Shunday bo’lsa hamki, ikkinchi tomosha endi Rossiniga omad keltirdi, uchinchisi esa — jumla olamga tanitdi. Bastakor Yevropa bo’ylab muzaffarona yurish boshlaydi, uning konsertlariga shohona siylovlar beriladi, ijodkor o’ta badavlat kishiga aylanadi. Ammo tomoshabinlar faqat Maestroning yoqimtoy musiqasi bilangina qanoatlanmas edi. U, o’zida hozirjavob suhbatdoshni, xonanda, dirijyor, pianinochi va daho bastakorni mujassam eta olgan insonni yuzma-yuz shaxsan ko’rishni istar edi. Zodagonlar zamonasi Rossinini nimtalab tashlagudek edi. U vaqti-vaqti bilan goh Italiyada, gohida Parijda yashagan. Borgan sari kamdan-kam bastalaydigan bo’ldi, 37 yoshida esa, “Vilgelm Tell” operasini tugatgach, kompozitorlik faoliyatini ongli ravishda to’xtatadi. Rossinining o’zi bu narsani shunday izohlagandi: “nega men qariganimda musiqa bastalashim kerak ekan? Horib-tolgan, qartaygan Rossini navqironlar bilan maydonga tushsinmi?”.