Qaysi mamlakat eng ko’p soat ishlab chiqaradi?

Mexanik soatlar kashf qilingan dastlabki paytlarda stolga qo’yiladigan va qo’l soatlari ishlab chiqarishda oldingi o’rinda bo’lgan mamlakat yo’q edi. Mohir ustalar bir mamlakatdan ikkinchisiga ko’chib o’tishi bilan soatsozlik xalqaro kasbga aylanib borgan. Biroq tez orada turli mamlakatlar har xil turdagi soat ishlab chiqarishga ixtisoslasha boshlagan. Masalan, Angliya uzoq vaqtlar o’zining kemabop xronometrlari bilan mashhur bo’ldi. Bular tebranish paytida ularni gorizontal holatda ushlab turadigan maxsus kronshteynlarga mustahkamlangan ulkan aniq soatlar edi. Bu mamlakat yana zang uradigan soatlarga ham ixtisoslashdi. U bunday soat mexanizmlarining katta qismini chet ellarga chiqaradi. Yer yuzida hamma joyda soat ishlab chiqaruvchilar o’z korpuslariga bu mexanizmlarni o’rnatadilar. Germaniya yog’ochdan o’yib yasalgan kakkuli soatlarni dunyoga chiqaradi. Uning mexanizmi yuqori sifatli bo’lmasa-da, yog’och o’ymakorligi fusunkordir. Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan soatlar ham ishlab chiqariladi. Shveytsariyada soat ishlab chiqarish — sanoatning milliy sohasi hisoblanib, mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etadi. XIX asr oxirlarida qo’l soatlari paydo bo’lganda Shveytsariya soat ishlab chiqarishda peshqadam bo’lib oldi. Shveytsariyaliklar a’lo sifatli kichik mexanik soatlar ishlab chiqarish bilimdoni hisoblanadi. Qo’ngiroqli soat (budilnik), taqvimli (kalendarli), avtomatik soatlar va xronometrlar asosan Shveytsariyada ishlab chiqariladi. Amerika soatsozlik sanoatining ko’pchilik korxonalari elektrsoat, avtomobil soati va arzon qo’ngiroqli soatlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Amerika Shveytsariyadan, Yaponiya va Fransiyadan soatlarning butlovchi qismlarini (soat mexanizmlari, soat korpuslari, ehtiyot qismlari) ni oladi va o’z korxonalarida soatlarni yig’adi.