YANGIQO’RG’ON

YANGIQO’RG’ON — Farg’ona viloyati Buvayda tumanidagi qishloq, tuman markazi. Tumanning Janubida joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Furqat 12 kilometr). Qo’qon shahridan 20 kilometr sharqda. Aholisi 16 ming kishi (2004). Xo’jaliklari Katta Farg’ona kanalidan suv oladi. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, MPT, kichik va xususiy korxonalar, mikrofirmalar, ipyigiruv va to’quv, tikuvchilik-trikotaj fabrikalari, meva va sabzavotni qayta ishlash, gilam to’qish, vinochilik tsexlari ishlab turibdi. Dehqon bozori, avtovokzal, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. 3 umumiy ta’lim maktabi, 2 litsey-gimnaziya, nafis san’at, bolalar sport maktablari, kasb-hunar kolleji bor. Markaziy va bolalar kutubxonalari, san’at saroyi mavjud. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Farg’ona va Qo’qon shahrilariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.