YANGIYO’L TUMANI

YANGIYO’L TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. Viloyatning Janubi g’arbida. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. G’arb va shimli g’arbda Qozog’istonning Janubiy Qozog’iston viloyati, shimol va shimoli sharqda Toshkent viloyatining Zangiota tumani, Janubi sharqda viloyatning quyi Chirchiq, Janubi g’arbda Chinoz tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,42 ming kilometr kvadrat. Aholisi 157,7 ming kishi (2004). Tumanda 2 shaharcha (Gulbahor va Bo’zsuv), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Abdulla Ortiqov, Navbahor, Niyozboshi, Ubay Musaev, Xalqobod, Sho’ralisoy, Eski Qovunchi, Qo’shyog’och) bor. Tuman markazi — Gulbahor shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi, asosan, tekislikdan iborat bo’lib, adirlar uchraydi. Yer yuzasida Chirchiqning 5 ta terrasasi (ko’hna qayir) ajralib turadi. Tuproqlari bo’z, o’tloqi tuproqlar. Iqlimi kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 12,5° — 13°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26°, yanvarniki -1°, -2″. Vegetatsiya davri 210 kun. Yiliga 280 — 282 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududidan Chirchiq daryosi, kurkuldak, jo’n, Bo’zsuv, shimoliy Toshkent kanallari va ariqlar oqib o’tadi. Yovvoyi o’simliklardan qamish, g’umay, yantoq, sho’ra, pechak, ajriq, kakra va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, tulki, quyon, jayra, bo’rsiq, parrandalardan yovvoyi o’rdak va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 375, 5 kishi. Qishloq aholisi 140,8 ming kishi, shahar aholisi 16,9 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda Yangiyo’l yog’moy kombinati, «Yangiyo’l biokimyo» aktsiyadorlik jamiyati, konserva, eksperimental ta’mirlashmexanika, g’isht, asfaltbeton, «Marelli» xususiy vino zavodi, Yangiyo’l vino zavodi, quyi Bo’zsuv GES, MTP, «OsiyoEkspress» ishlab chiqarish korxonasi, baliq urchitish xo’jaligi, broyler parrandachilik, inkubatoriya-parrandachilik fabrikalari bor. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, chorvachilik, bog’dorchilik, g’allachilik, sabzavotchilik, pillachilik bilan shug’ullaniladi. Sug’oriladigan maydonlarga paxta, g’alla, sabzavotpoliz ekinlari ekiladi. Bog’ va tokzorlar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. Shirkat, fermer xo’jaliklari, agrar birlashmasi, cho’chqachilik xo’jaligi va boshqa qishloq xo’jalik korxonalari mavjud. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa, sport maktablari, kasb- hunar maktabi, kasb-hunar kollejlari faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, madaniyat saroyi, klub muassasalari bor. Stadion, sport zallari, otish tirlari, 3 tennis korti, futbol, mini futbol maydonlari va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, tez tibbiy yordam markazi, poliklinika, tug’ruqxona, qishloq vrachlik punktlari, feldsherakusherlik punktlari va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Nov qishlog’ida dam olish uyi joylashgan, shuningdek, kardiologiya kasalliklari sanatoriysi bor. Tuman hududidan katta O’zbekiston trakti, Toshkent temir yo’li o’tadi. Yangiyo’l tumanida Qo’shtepa, Qoratepa, Yo’g’ontepa, Niyoz- Boshtepa, Shamatepa, 1,2,3 Bo’zsuv tepalari arxeologik ob’ektlar hisoblanadi. 1930 yildan «Yangiyo’l» tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 2738).