ABU TOLIB

ABU TOLIB (Abdusalom ibn Alhusayn al-Ma’muniy) (taxminan 950, Bag’dod -994, Buxoro) — shoir. Xalifa llma’mun avlodidan. Ray va Nishopurda yashagan. 980-yillarda Buxoroga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Buxoroda zamondoshlari orasida qasida va vasf janrlarining yirik namoyandasi bo’lgan. Abu Mansur Saolibiyning “Yatimat addahr” (“Zamona ahlining fazilatlari haqida yagona durdona”) tazkirasining 3-bobi asosan Abu Tolibga bag’ishlangan. Asarda uning 332 baytli 96 ta vasfi hamda qasidalaridan parchalar keltirilgan. Ko’pchilik qasidalarini Islom she’riyati ruhida, sof arab uslubida yozgan. Vasflarida oziq-ovqat, mevalar, buyum-ashyolar, tabiat hodisalari va boshqalae tavsif qilingan. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi, 5 jildli, 1-jild, T., 1977; Abdullayev I., Poeziya na arabskom yazike v Sredney Azii i Xorasane X – nachala XI v., T., 1984.