ANDAMAN VA NIKOBAR OROLLARI

ANDAMAN VA NIKOBAR OROLLARI — Hindistondagi ittifoqdosh hudud, 2 ta arxipelag (Andaman va Nikobar orollari)dan iborat. Bengaliya qo’ltig’i bilan Andaman dengizi oralig’ida joylashgan. Maydoni 8,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 279 ming kishi (1991). Markazi — Portbler shahri. Orollar suv osti tog’larining cho’qqilari bo’lib, harakatdagi vulkanlar ham bor. Marjon riflari bilan o’ralgan. Balandligi 732 metrgacha. Tropik musson o’rmonlari bilan qoplangan. Aholisi yog’och kesish, tayyorlash, kokos palmasi o’stirish, baliqchilik va ovchilik bilan shug’ullanadi.