“ANDIJANSKAYA PRAVDA”
“ANDIJANSKAYA PRAVDA” (“Andijon haqiqati”) — Andijon viloyati hokimiyatining ijtimoiy-siyosiy gazetasi. Andijon shahrida rus tilida haftada 2 marta chiqadi. Dastlab (1916 yil 1 iyulda) “Turkestanskiy Golos” (“Turkiston ovozi”) nomi bilan nashr etilgan. Uni demokratik qarashlari bilan tanilgan A.A. Chaykin o’z mablag’i hisobiga chiqargan (gazetaga o’zi muharrirlik qilgan). Gazeta Farg’ona vodiysidagi hayotni muntazam yoritib, Toshkent, O’sh, Petrograd, Moskva va boshqa shaharlardagi, shuningdek chet ellardagi voqealar bilan aholini tanishtirib borgan. Keyinchalik gazeta turlicha nomlangan (1918-21-yillarda “Izvestiya”). 1954 yildan hoz. nomda. Gazetada turli davrlarda R. A. Safarov, N.S. Korkin, P.P. Volkov, G. Kraynov, S. Beznosov kabi taniqli jurnalistlar faoliyat ko’rsatgan. 2000 yil 31 mayda “Andijanskaya pravda” tahririyati “Andijonnoma” gazeta tahririyatiga qo’shildi. Gazeta viloyatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni, umuman Andijon aholisi hayotini izchil yoritib boradi. Adadi 2 mingga yaqin (2000).