“Usto” Respublika maxsus ijodiy ishlab chiqarish uyushmasi

“Usto” Respublika maxsus ijodiy ishlab chiqarish uyushmasi — respublika xalq amaliy san’ati ustaparining birlashmasi. 1978 yilda O’zbekiston badiiy fondi qoshida amaliy bezak san’atini qaytadan tiklash va rivojlantirish, xalq ustalari bilan ishlash, ularga ijodiy ishlarida har taraflama yordam berish maqsadida tashkil qilingan. O’zbekistonda tasviriy va amaliy san’atni yanada rivojlantirishga oid 1997 yil 23 yanvar qaroriga binoan hozirgi nomida qaytadan tuzildi. “Usto” ning asosiy maqsad va vazifalari — xalq amaliy san’atini rivojlantirish, uning yo’qolib borayotgan turlarini qaytadan tiklash, xalq ustalarining faoliyatiga yordam berish, ustoz — shogird o’quv tizimini rivojlantirish, milliy amaliy san’atni respublika va xorijda keng targ’ib qilish, amaliy san’at, monumentol rangtasvir va monumental haykaltaroshlikni milliy me’morlikda hamda xorijdagi zamonaviy binolarda qo’llash. “Usto” tarkibiga respublika hududidagi 16 korxona Birlashgan bo’lib (2004), ularda 50 ga yaqin amaliy san’at turi (kulollik, koshinkorlik, ganch o’ymakorligi, yog’och o’ymakorligi, zargarlik, kandakorlik, naqqoshlik, Gilamchilik, zardo’zlik, kashtado’zlik, lokli miniatyura, matoga gul bosish va boshqalar) bo’yicha ustalar ijodiy mehnat qiladi. Birlashmaning malakali ustalari respublikada (Oliy Majlis, O’zbekiston konservatoriyasi, O’zbek milliy akademik drama teatri, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi va boshqalar) va chet mamlakatlarda yirik me’moriy inshootlarni bezaganlar. “Usto” a’zolarining badiiy asarlari respublika va xalqaro ko’rgazmalarda keng namoyish qilinib, yuksak baholarga sazovor bo’ldi: xalqaro “Oltin globus” (1993), “Sifat asri” oltin mukofoti (2002, Shveytsariya) va boshqalar.