Temur va temuriylar saltanati

Abdulahad Muhammadjonov. Temur va temuriylar saltanati

Movarounnahrdagi siyosiy parokandalik va sarbadorlar harakati

Temur davlatining tashkil topishi va uning harbiy yurishlari

Sohibqiron davlatining ichki hayoti. Harbiy islohot

Samarqand – markazlashgan davlat poytaxti

Yevropa davlatlari bilan elchilik aloqalari

Temuriylar va Ulug’bek davlati

Temuriylar davlatining inqirozi

Temuriylar davrida xo’jalik va yer egaligi

Hunarmandchilik, savdo va pul munosabatlari

Ilm-fan va madaniy hayot

Me’morchilik

Kitob san’ati

Tasviriy san’at

Musiqa

Adabiyot

Muhim voqealar, tarixiy shaxslar sanasi

So’z boshi

14-asrning 2-yarmi va 15-asr Vatanimiz tarixida voqealarga nihoyatda boy tarixiy saboq davri hisoblanadi. Chunki bu davrda mo’g’ullar hukmronligi va feudal tarqoqlik tugatilib, bosqinchilarning vayronagarchiliklari va bir yarim asrlik zulmlari oqibatida iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy turg’unlik holatiga tushib qolgan mamlakatimiz o’z mustaqilligini qayta tiklashga kirishdi. Bu diyorda Amir Temur boshchiligida yagona tug’ ostida markazlashgan, kuchli va mustaqil feudal davlat tashkil topdi. Markaziy Osiyo xalqlari hayotida yuz bergan bu tarixiy voqeada, shubhasiz, Amir Temurning xizmati g’oyat buyukdir. O’z davlatining kuch-qudratini oshirib, uni mustahkamlash uchun avvalambor u harbiy va iqtisodiy islohot o’tkazdi. Yaxshi qurollangan muntazam qo’shin tuzdi. Davlat boshqaruv tizimlarini harbiy strategiya (savquljaysh) va taktikasi (ta’biyatuljaysh) ni ishlab chiqdi va qattiq sinovlardan o’tkazdi.

Amir Temur bu davrda Movarounnahr va Xorazmga muttasil tazyiq ko’rsatib turgan Oltin O’rda xoni To’xtamishga qarshi bir nech bor qo’shin tortdi. Uralda Qunduzcha, Kavkazda Tarak daryolari bo’yida bo’lib o’tgan ikki shiddatli jangda Temur dushman ustidan g’alaba qozonib, Oltin O’rdaga o’zini ushlab ololmaydigan darajada qaqshatqich zarba berdi. Uning bu g’alabasi tufayli Oltin O’rda tazyiqida yashayotgan Rossiya qaddini rostlash imkoniyatiga ega bo’ldi va uning istiqboli uchun katta yo’l ochildi.

Bu buyuk jahongir tarix taqozosi va o’rtaa asrlarning udum va taomiliga asosan o’z davlati chegaralrini kengaytirishga harakat qildi. U Hindiston, O’rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga bir necha bor harbiy yurishlar uyushtirdi. Anqara shahri yaqinida Turkiya Sultoni Boyazid I Yildirim qo’shinlari ustidan g’alaba qozonib, butun Yevropani hayratga soldi. Bu g’alaba tufayli Turkiya tazyiqidan xalos bo’lib olgan Yevropa qirollari Temur va uning vorislari bilan bevosita aloqalar o’rnatishga shoshildilar.

Buyuk sarkardaning Xorazm va Oltin O’rdaga qarshi kurshib ularni yengishi, Eron, Ozarbayjon, Iroq, Hindiston, Suriya va Turkiyaga qilgan yurishlari Temur davlati qudratini oshirdi. Amir Temur 27 mamlakatni o’ziga bo’ysundirib, o’z davlarini jahonning buyuk imperaiyalari qatoriga ko’tardi. Uning hukmronligi davrida Movarounnahr dunyo taraqqiyoti bilan bevosita bog’lanib, jahonning ilg’or mamlakatlaridan biriga aylandi. Buyuk ipak yo’lining katta qismi Temur davlati nazoratiga o’tdi.

O’rta asrlarning bu ulkan davlatini idora etishda Amir Temur feudal boshqaruv tizimining asosiy qonun-qoidalari – “Tuzuklar”ni yaratdi. Islom dini mafkurasi va ahkomlariga suyanib, u o’z “Tuzuklari” asosida el-yurtni boshqardi va mamlakatni obod etdi.

14-asr oxiri – 15-asr boshida Movarounnahrda o’rnatilgan nisbiy osoyishtalik shubhasiz mamlakatning iqtisodiy hayoti hamda ishlab chiqarish kuchlarining rivojia ijobiy omil bo’ldi. Xo’jalikning asosi bo’lgan dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo kengaydi, fan va madaaniyatning ravnaqi uchun ma’lum shart-sharoitlar vujudga keldi.

Bu davrda Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Kesh (Shahrisabz), Toshkent, Shohruhiya (Banokat), Termiz va boshqa ko’pgina shaharlari gavjumlashib, o’zining topografik qiyofasi, aholisining kasb-hunari, ichki va tashqi aloqalari bilan o’rta asrlar sharqining namunali hunarmandchilik va savdo markaziga aylandi.

Me’morchilik keng rivoj topdi. Ayniqsa Samarqand deyarli qayta qurilib, Temur davlatining poytaxtiga aylaantirildi. Shaharda mahobatli binolar, saroylar, masjidu-madrasalar, xonoqoyu-maqbaralar, hammomlaru-karvonsaroylar qad ko’tardi. Shahar atrofi yirik sug’orish tarmoqlari va turli xil suv inshootlari vositasida sug’orilib, o’nlab bog’-rog’lar va bo’stonlar barpo etildi. 15-asrda yashagan mashhur tarixchi Ibn Arabshoh tilga olgan Bo’ston ul-Elam, Ziynat ud-Dunyo, Jannat ul-Firdavs, Bo’ston ush-Shimol va boshqalar shu bog’-rog’lar jumlasidandir. Bu davrda Movarounnahrning poytaxti Samarqandda hamda Kesh, Buxoroda, shuningdek Xurosonning markazi Hirotda hunarmand, me’mor-binokor va naqqoshlar bilan qatorda olimu-fozillar va shoiru-bastakorlar to’planib, ilm-fan va san’atning ravnaqiga ulkan hissa qo’shdilar. Bu shaharlarda bir qancha madrasalar qurildi. Ularda ilohiyot ilmlari bilan birga riyoziyot, handasa, tibbiyot, ilmu ha’at, ilmi aruz, tarix, falsafa kabi dunyoviy bilimlar ham o’qitildi. Samarqandda Ulug’bek tomonidan rasadxona qurdirilib, u o’z davrining “Dor ul-ilm” – akademiyasiga aylandi. Unda matematika va astronomiya fanlari rivojiga ulkan hissa qo’shgan Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid, Miram Chalabiy va Ali Qushchi kabi olimlar ijod etdilar.