Movarounnahrdagi siyosiy parokandalik va sarbadorlar harakati

14-asrning 50-60-yillarida Movarounnahrda feudal tarqoqligi g’oyatda kuchayib, sinfiy kurash yanada keskinlashadi. O’lkadagi har bir viloyat alohida hukmdorlikka ajralib, ular o’rtasida nizo kuchayib ketadi va qonli urushlarga aylanadi. Bu davrda o’lkad yagona uyushgan davlaatning yo’qligi, uning siyosiy jihatdan maydalanib ketganini o’rta asr muarrixlaridan G’iyosuddin Xondamir “Habib us-siyor” asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Amirzoda Abdullo binni amir Qozag’on (hukmronlik yillari 1346-1358) vafotidan so’ng Turkiston ahvolidan haraju-maraj (boshboshdoqlik) yo’l topib, har shaharda mustaqil shohlikka intilishlar maydonga keladi. Har kasabada bir uyatsiz davlat iqbol havosi bilan qo’zg’olishga oyoq bosdi. Amir Bayon Sulduz Samarqandda ichkilik, ayshu-ishratga berildi. Amir Xoji Barlos… Kesh shahrida hukumat bayrog’ini ko’tardi. Amir Boyazid Jaloir Xo’jandda davlat masnadi (taxti)ga o’ltirdi. O’ljaytu Sulduz Balxda mamlakat hukmronligining visoliga ko’ngul bog’ladi. Muhammadxo’ja Yazdiy Shiburg’onda o’zini hokimi mutlaq hayol qildi. Badaxshon shohi Ko’histonda istiqlol kamarini beliga bog’lab, boshqalarga itoat qilishdan bosh tortdi. Amir Husayn binni amir Milal binni amir Qozag’on va amir Hiziriy Yasuriy Xirosi Shodmon chegarasida askar to’plab, har lahzada viloyatlaarga chopqun yasab harob qilar edi”.

Nizomuddin Shomiyning so’ziga qaraganda, o’lkada hokimlar o’rtasida doimo nizolar va g’alayonlar bo’lib turar, davlat ishlari esa butunlay izdan chiqqan edi. Siyosiy parokandalik, o’zaro urush va janjallar iqtisodiy tanglikka sabab bo’lib, ulus aholisini, ayniqsa dehqonchilik xo’jaligini xonavayron qilgan edi.

14-asr o’rtalarida Chig’atoy ulusi parchalanib, ulusning sharqiy qismi – Sharqiy Turkiston va Yettisuvda turk va mo’g’ul qabilalarini o’z ichiga olgan Mo’g’uliston feodal davlati tashkil topadi. 1348 yili Chig’atoy naslidan bo’lgan Tug’luk Temur Mo’g’uliston xoni qilib ko’tariladi. Mo’g’uliston amirlari ulusning g’arbiy qismi – Movarounnahrni ham bosib olishga harakat qiladilar. Bir necha bor Movarounnahr ustiga yurish qilib, uni talab qaytadilar. Mo’g’uliston amirlarining vayronagarchilik yurishlariga qarshi kush boshlanib ketadi. Mo’g’ullar istibdodi va zulmga qarshi xalq harakati boshlanadi.

Mana shunday ichki o’zaro urushlar qizigan, mo’g’ullar zulmiga qarshi xalq harakatlari boshlangan bir davrda qisqa vaqt ichida jahon imperiyasini vujudga keltirgan sohibqiron Temur siyosat maydoniga dastlabki qadamlarni qo’ymoqda edi.

Temur 1336 yilda Kesh (Shahrisabz) shahri yaqinida joylashgan Xo’jailg’or qishlog’ida dunyoga keladi. Uning otasi amir To’rg’ay va amakisi Xoji Barlos barloslar qabilasining biylari va yirik mulkdor amirlaridan edi. Temur yoshlik chog’laridanoq harbiy ishga nihoyatda qiziqardi. U tezda mohir suvoriy va qo’rqmas jangchi sifatida butun Qashqadaryo vohasiga taniladi. Uning atrofida barlos qabilasidan chiqqan jangchi yoshlar to’plana boshlaydi. Temur qo’l ostidagi navkarlari bilan ayrim amirlarga xizmat qiladi, janglarda chiniqadi.

1360 va 1361 yillarda Chig’atoy xonadonidan bo’lgan Mo’g’uliston xoni Tug’luq Temur Movarounnahrdagi og’ir siyosiy vaziyatdan foydalanib, uni bo’ysundirishga harakat qiladi. U hech qanday qarshiliksiz Qashqadaryo vohasiga bostirib kiradi. O’sha vaqtlarda Qashqadaryo viloyatining hokimi Hoji Barlos, dushmanga qarshi kurashish o’rniga, Hurosonga qochadi va o’sha yerda o’ldiriladi. Temur amakisining viloyatini qo’ldan bermaslik maqsadida Tug’luq Temur ishonchini qozonib, uning xizmatiga o’tadi va Kesh viloyaatiga hokim bo’lib tayinlanishga muvaffaq bo’ladi. Mo’g’uliston xoni Tug’luq Temur o’g’li Ilyosxo’jani Movarounnahrning hokimi qilib yuboradi. Ammo Temur unga xizmat qilishni istamaydi va Balx hokimi amir Husayn ibn Musallam ibn Qozog’on bilan ittifoq tuzadi. Temur Husaynning jiyan singlisi O’ljaoy Turkon Og’oga uylangach, ularning ittifoqi qarindoshlik aloqalari tufayli yanada mustahkamlanadi. Temur avval o’zboshimcha amirlarga qarshi ichki, so’ngra esa mo’g’ullarga qarshi tashqi kurash olib boradi. Seyistondagi janglarda qo’li va oyog’idan yarador bo’lib, bir umrga oqsoq bo’lib qoladi.

1363 yilli Tug’luq Temur vafot etib, Mo’g’ulistondaa xonlik taxtini Amir Qamaruddin egallaydi. O’sha yili Amudaryoning chap sohilidagi Qunduz shahri yonida mo’g’ullar bilan bo’lgan birinchi jangda Temur g’alaba qozonadi. Shundan so’ng mo’g’ullarni to’xtovsiz ta’qib etish boshlanadi. Mo’g’ullar ham Movarounnahrni osongina berib qo’yishni istamas edilar. Tug’luq Temur vafotidan keyin Movarounnahrdan haydalgan Ilyosxo’ja 1365 yilda katta qo’shin bilan Sirdaryo tomon yo’lga chiqadi. Husayn bilan Temur ham zudlik bilan jangga tayyorlanadilar. Ular o’rtasidagi jang o’sha yili may oyining yigirma ikkinchida Chinoz bilan Toshkent o’rtasida bo’ladi. Jang paytida qattiq jala yog’ib, hammayoq loy bo’lganligidan tarixda u “Janggi loy” nomi bilan mashhur bo’lib qolgan. Jangda Temur bilan Husayn kelishib harakat qilmaganliklari oqibatida ularning birlashgan qo’shini mag’lubiyaatga uchraydi. Chunki jangda Temur qo’shini dushmanning o’ng qanotini chekinishga majbur qilib, zafar topayotgan bir paytda Husayn o’z askarlari bilan chap qanotdan yengilib jang maydonini tark etadi. Yakkalanib qolgan Temur esa chekinishga majbur bo’ladi. “Loy jangi”dagi mag’lubiyat dushmanga Movarounnahrga, xususan uning markaziy shahri Samarqandga tomon yo’l ochib beradi. Mo’g’ullar Movarounnahning markaziy viloyatlarida odatiy talon-tarojni yana davom ettiradilar. Bunday og’ir bir siyosiy vaziyatda hokimiyatsiz qolgan mamlakat holisi, garchi o’z holiga tashlab qo’yilgan bo’lsa ham, ona yurt mudofaasini o’z qo’llariga olishga va mo’g’ullar hujumini qaytarishga kirishadi. O’z g’alabalari bilan sarmast Ilyosxo’ja boshliq mo’g’ullar jabrdiyda xalqning qaqshatg’ich zarbasiga uchraydi. Movarounnahrda qariyb bir yarim asr davom etgan mo’g’ullar hukmronligiga va mahalliy feodallarga qarshi ko’tarilgan bu xalq harakati nomi bilan mashhur topadi.

Sarbadorlar harakati dastavval, 1337 yil erta bahorda Xuroson (hozirgi Afg’onistonning shimoli-g’arbi, Marv vohasi va Eronning shimoli-sharqiy qismi) da boshlanadi. Sarbadorlar, maqsadga erishish uchun, ozodlik yo’lida dorga osilishga ham tayyormiz, degan shior ostidaa mo’g’ul bosqinchilari va mahalliy mulkdorlar zulmiga qarshi kurash olib boradilar. Xurosonning g’arbiy qismida ular mo’g’ullar hukmronligini tor-mor qilib, mustaqil Sarbadorlar davlati barpo etadilar. Bu davlatning markazi Sabzavor shahrida bo’lib, u 1337 yildan 1381 yilgacha qariyb 45 yil hukm suradi. Sarbadorlar asosan dehqonlar, hunarmandlar, shayxlar va qullardan iborat bo’lib, ular ichida ikki oqim – mo’tadil o’ng qanot va mulkiy hamda ijtimoiy tenglik tarafdorlari bo’lmish so’l oqim mavjud edi. Ularning hukumati demokratik tartibga asosan qurilgan bo’lib, unda tabaqalar deyarli bir-biridan farq qilmagan. Masalan, qullar to’la ozod etilmagan bo’lsa ham, ular boshqalar bilan bir qatorda sanalganlar. Sarbadorlar harakati 14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda mo’g’ul xonlarining hujumi tufayli kuchayib ketadi. Samarqand bunday harakatning markaziga aylanadi. Qo’zg’olonga madrasa talabasi Mavlonzoda, paxta tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Quluyi (Naddof) va mergan Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar mo’g’ullarga Smarqand shahrida qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxo’ja dastlab Samarqandni, so’ngra esa butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo’ladi. Shundan so’ng Sarbadorlar ichki dushman – katta yer va mulk egalariga qarshi kurash olib boradilar. Ularning ko’shk va uy-joylari vayron etilib, mol-mulklari talon-toroj qilinadi. Shu tariqa Samarqandda Sarbadorlar hokimiyati o’rnatiladi. Ular butun qish davomida Samarqandni o’zlari idora qilib turadilar. Sarbadorlar boshliq samarqandliklarning mo’g’ullar xoni Ilyosxo’ja ustidan g’alabasi to’g’risidagi xabar Husayn bilan Temurga ham borib yetadi. Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo bo’yida o’tkazib, 1366 yil bahorida ular Sarbadorlar qo’zg’olonini bostirish uchun Samarqandga yo’l oladilar. Ular Samarqand yaqinidagi Konigil mavzeida to’xtaydilar. Har ikkala amir Sarbadorlarning dushman ustidan qozongan g’alabalaridan mamnun bo’lganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Sarbadorlar amirlarni “yaxshi” niyatda ekanliklariga ishonadilar. Ularga izzat-hurmat ko’rsatadilar. Biroq ertasi kuni Sarbadorlarning boshliqlari Husayn bilan Temur qarorgohiga borganlarida, ular qatl etiladi. Faqat Mavlonzoda Temurning iltimosi bilan o’limdan qutqarib qolinadi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, harakat bostirildi. Movarounnahrda Amir Husaynning hukmronligi tiklanadi. Ammo ko’p o’tmay Husayn bilan Temur o’rtasidagi munosabat yomonlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavotirlangan Husayn Balx shahriga qaytib, xazinani ham birga olib ketadi va shaharni mustahkamlashga kirishadi. Temur esa Kesh va Qarshi viloyatlarining hukmdori bo’lib qoladi va o’zining sobiq ittifoqdoshi hamda qaynog’asi Amir Husaynga qarshi pinhona harakat qila boshlaydi.