Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket

Temur davlatining tashkil topishi va Temurning harbiy yurishlari

14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda siyosiy va iqtisodiy vaziyat nihoyatda og’irlashib ketadi. Feodal tarqoqlikning kuchayishi, ichki feodal urushlarning uzluksiz davom etishi va tashqi dushman hujumlarining avj olishidan dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari tanazzulga uchrab, aholi og’ir tanglikni boshidan kechirmoqda edi. Bundan savdogarlar, hunarmandlar va dehqonlar g’oyatda norozi edilar. Aholining bunday tabaqalari orasida mavjud og’ir ahvoldan qutulish, mamlakatni birlashtirish va kuchli bir davlat tashkil etish harakati kuchayadi. Husayndan ko’ra Temur o’z zamonining bunday talabani yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham u o’z faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnahrda markazlashgan mustaqil davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar bilan bir qatorda shaharning savdogar va hunarmand tabaqalariga suyanadi. Bu boradagi amaliy ishni Balx shahriga joylashib olgan raqibi Husaynga qarshi yurishdan boshlaydi. 1370 yil mart oyida Temur yaxshi qurollangan qo’shini bilan Keshdan chiqib Balxni qamal qiladi va katta talofatlar berib, shaharni egallaydi. Movarounnahrning hukmdori amir Husayn o’ldiriladi. Bu voqealardan so’ng mamlakatda Temurning siyosiy mavqei kuchayib ketadi. Chunki endi Movarounnahrda uning uchun kuchli raqib qolmagan edi. O’sha yili Balxda qo’shin boshliqlarining yig’ilgan qurultoyida Temurning hukmronligi rasman qaror topadi. Manbalarda ta’riflanishicha, qurultoyda avvalgi Chig’atoy xonligining e’tiborli amirlari, Temurning yoshlikdagi quroldoshlari va uning sobiq dushmanlari hozir bo’lgan edilar. Ular orasida Amir Shayxmuhammad Bayon Sulduz, amir O’ljoytu, amir Kayxisrov Xuttaloniy, amir Dovud Dug’lot, amir Sorbuga Jaloyir, amir Joku Barlos, amir Zinda Hashm va boshqa mo’tabar ma’murlar bor edi. Temur qadimgi odatga binoan oq kigiz ustiga o’tkazilib, yuqori ko’tariladi. Temurning piri Saidbaraka duoi fotiha qilgach, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Movarounnahrning yagona hukmdori bo’lib olgach, Temur o’z davlatini siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlashga kirishadi. Avvalambor bu davrda Temurga mustahkam potaxt – bebosh mahalliy hukmdorlarning hujumlarig qarshi tura oladigan bir qarorgoh zarur edi. Shu maqsadda u 1370 yilda Samarqandga keladi. Bu yerda u shahar devorlari, qal’alar va saroylar bino qilishga kirishadi. Bu imoratlaar Afrosiyob mo’g’ullar tomonidan vayron etilgandan keyin 150 yil o’tgach, birinchi marta bunyod qilingan inshootlaar edi. So’ngra u holdan toygan mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etadi. To’g’ri, deyarli bir asrlik boshboshdoqlik hukm surgan mamlakatda qonunlar joriy etib, tartib o’rnatish oson emasdi. Uni oz-ozdan amalga oshirish mumkin edi. Temur dastlab o’ziga mustahkam tayanch barpo etish maqsadida barlos qabilasidan maxsus gvardiya ayniqsa, uning siyosiy kurashlari uchun zarur edi. U o’z gvardiyasiga va barlos qabilasiga katta imtiyozlar beradi. Ayni vaqtda Temur o’z davlati chegaralarini mumkin qadar kengaytirishga kirishadi. Avval u Amudaryo va Sirdaryo oralig’idagi yerlarni, shuningdek Farg’ona va Shosh viloyatlarini o’z tasarrufiga oladi.

Ammo Mo’g’uliston tomonidan bo’ladigan xavf hali tamoman yo’qolmagan edi. Temur davlati uchun ayniqsa, Jo’ji ulusida qad ko’targan Oltin O’rda xonligi oralig’ida bu davrga kelib mustaqil bo’lib olgan Xorazm yerlarida Qo’ng’irot so’filarining davlati qaror topdi. Qadimdan iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdn Movarounnahr bilan mushtarak bo’lgan Xorazm Mo’g’ullar davrida ikki qismga bo’linib, markazi Urganch shahri bo’lgan Shimoliy Xorazm Oltin O’rdaga, markazi Kat qal’asi bo’lgan. Janubiy Xorazm Chig’atoy ulusiga qaragan. 14-asrning 6-yillari oxirida Oltin O’rdada yuz bergan g’alayonlar vaqtida Qo’ng’irot so’filari Shimoliy Xorazmda yangi sulolaning mustaqil hukmronligini tiklab oladilar. So’ngra Kat va Xiva shaharlarini bosib olib, Shimoliy Xorazm bilan Janubiy Xorazm yerlarini birlashtiradilar. Ayni paytda Xorazm Chig’atoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblar edi. Shuning uchun u Xorazmni bosib olish siyosatini tutdi. 1372 yil Temur Xorazmga birinchi bor hujum qildi. Xorazmliklar mag’lubiyatga uchragan bo’lsalar ham, Temurga bo’ysunmadilar. Shu boisdan Temur Xorazmga besh marta yurish qilib, nihoyat, 1388 yilda uni butunlay qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi. Temurning oxirgi yurishida Urgancha shahri vayron etildi, shahar aholisi esa Samarqandga ko’chiriladi.

Shunday qilib, Temur Movarounnahr va Xorazmda feodal tarqoqlik va o’zaro nizolarga chek qo’yib, Sirdaryo bo’ylaridan Orol dengizigacha bo’lgan yerlarda yashovchi xalqlarni yagona davlat tasarrufida birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr xalqlari taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi. Ammo Temur bu bilan qanoatlanmadi. U tez orada qo’shni davlatlar va xalqlar ustiga hujum qilib, jahonga hukmron bo’lishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. 1382 yilda Temur dastavval Zakavkazyeni zabt etdi. Temurning O’rta Osiyo chegarasidan shimolga tomon harbiy yurishi asosan, Jo’ji ulusida qad ko’targan oltin O’rda davlatiga qaratildi. Qora dengizdan Oltoy tog’larigacha cho’zilgan va Dashti Qipchoq deb nomlangan yerlar Jo’ji ulusi tasarrufida bo’lgan. Bu ulusning Uraldan qora dengizgacha bo’lgan markaziy va eng katta qismi Oltin O’rda nomi bilan atalib, bu feodal davlatni 13-asrning 40-yillari boshida Botuxon tashkil qilgan edi. Uraldan sharqdagi yerlar Oq O’rda deb yuritilar edi. Siyosiy va iqtisodiy jihatdan bu ikki o’rdaning hayoti bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan. O’rta dengiz havzasidan boshlanib, shu o’rdalarning yerlari orqali o’tgan mamlakatlararo savdo yo’li o’rta asrlarda eng asosiy karavon yo’li hisoblangan. Oltin O’rdaning poytaxti dastlab Saroy Botu (Astraxon shahridan shimolroqda), 14-asrdan Saroy berka (hozirgi Volgograd shahri yaqinida) bo’lib, har ikki ham Itil (Volga) daryosi bo’yida joylashgan edi. Sharq va G’arbdan keladigan savdo karvonlarining deyarli hammasi shu shaharlar orqali o’tardi.

Oltin O’rdaga qarshi zarba berishda Temur uning ichki ziddiyatlarida ustali foydalanadi. Temur Oltin O’rdani o’z davlatiga qo’shib olmoqchi emasdi, faqat u shimoli-g’arbda o’z davlati uchun juda xavfli kuch bo’lgan xonlikni zaiflashtirish va uning sharqiy qismini o’z ta’siri ostidagi xonlar tasarrufiga topshirish hamda Saroy Berka orqali o’tadigan karvon yo’lini ham Movarounnahr orqali o’tishi uchun kurashadi. Temur Oltin O’rdaning faqat Sirdaryo quyi oqimidagi iqtisodiy, siyosiy, va madaniy jihatdan Xorazm va Movarounnahrga bevosita bog’liq bo’lgan yerlarinigina qo’shib olmoqchi edi. Bu davrda Oltin O’rda va Oq O’rdada iikki mustaqil hokimiyat qaror topib, ular o’rtasida kuchli nizolar davom etardi. Temu O’rusxonning tazyiqidan qochib, o’z huzuriga homiylik istab kelgan. Oq O’rda xonzodalaridan To’xtamishga bir necha bor harbiy yordam beradi. 1379 yilda To’xtamish Temurning homiyligida Oq O’rdaning taxtini egallashga muvaffaq bo’ladi. Ammo To’xtamish oq O’rdani, keyinroq Oltin O’rdani qo’lga kiritgandan so’ng, Temur kutgandek uning ta’siri va panohi ostida qolmadi. U o’z homiysiga lozim bo’lgan shukronani tez unutdi. To’xtamish oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurgizib, kezi kelganda xatto Temurga qarshi ish kora boshladi. 1380 yilda Kulikova maydonida Oltin O’rda xoni Mamay ustidan qozonilgan g’alaba To’xtamishga Oltin O’rda taxtini egallab, Jo’ji ulusining har ikkala qismini yangidan birlashtirishga imkon berdi. U Oltin O’rdani birlashtirish va uning qudratini oshirishga kirishdi. O’z zafarlaridan sarmast bo’lgan To’xtamish oltin O’rdani tiklash bilan uning chegaralarini kengaytirish maqsadida Rusiya yerlariga, Zakavkazye va Ozarbayjonga bir necha bor yurishlar qildi. 1385 yilda u Tabrizni bosib olish uchun u yerga katta qo’shin yubordi. Hatto 1387-1388 yillarda To’xtamish Temurning navbatdagi harbiy yurishi vaqtida fursatdan foydalanib, Movarounnahrga hujum qildi.

Oltin O’rdaning qayta birlashtirilishi va uning kuchayib borishi, buning ustiga To’xtamishning jahongirlik siyosati Movarounnahrda qaror topgan Temur davlati uchun nihoyatda xavfli bo’lib, Temurning faoliyatiga halaqit beribgina qolmay, balki uning uchun doimiy tahdid ham edi. Bu xavfni bartaraf qilish uchun Temur To’xtamishga qarshi 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda uch marta katta yurish qiladi. Ayniqsa, so’nggi ikki yurish uning uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ldi. Temur 1391 yilda 200 ming qo’shin bilan Samaranddan chiqib, qishni Toshkentda o’tkazadi. Bahorda Qipchoq dashti orqali o’tib Uralga yetib boradi. Temur o’zining bu yurishi haqida 1391 yil aprelida, “Turon sultoni Temur Bulg’or hokimi To’xtamishga qarshi 200 minglik askar bilan bu yerlardan o’tdi”, degan satrlari Ulug’tog’ etagidagi qoyatoshlardan biriga o’ydirib yozdiradi. Temur va To’xtamish qo’shinlari hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig’ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida bir-biriga ro’baro’ keladi. 1391 yilning 18 iyunida bu yerda uch kun qirg’inbarot jang bo’lib, u To’xtamish ustidan g’alaba qozonib, juda katta o’ljani qo’lga kiritgan bo’lsada, ammo Oltin O’rdaning harbiy va iqtisodiy qudrati hali kuchli bo’lib, u tamomila shikast topmagan edi. Shuning uchun ular o’rtasida raqiblik davom etdi.

Temur va To’xtmish qo’shinlari o’rtasida so’nggi shiddatli jang 1395 yilda Shimoliy Kavkazda Tarak daryosi vodiysida sodir bo’ladi. Bu daf’a jangda ham Temur o’z dushmaniga qaqshatqich zarba beradi. Katta talofat berib mag’lubiyatga uchragan Oltin O’rda xoni Rus knyazliklari yerlari tomon chekinib, uning qalin o’rmonzorlarida o’ziga panoh izladi. Temur To’xtamishni rus yerlarida ta’qib etib Moskvagacha boradi. Qaytishda Ryazan knyazligi yerlari orqali o’tib, quyi Volga bo’yi va uning markaziy shaharlari Saroy Berka, Saroy Boru va Hojitarxon (Astraxon) shaharlarini egallaydi. Temur Oltin O’rda tasarrufidagi barcha madaniy viloyatlarning xo’jalik va savdo-sotiq ishlariga katta putur yetkazadi. Bu viloyatlar va ulardagi yirik shaharlar ancha vaqtlargacha iqtisodiy jihatdan qaddilarini rostlay ololmaydilar. Natijada Xitoyni Yaqin Sharq mamlakatlaari bilan bog’lagan savdo yo’lini Oltin O’rda orqali o’tgan shimoliy tarmog’i barham topadi. Endilikda butun savdo qatnovi yana Movarounnahr shaharlari: O’tror, Toshkent, Samarqand va Buxoro orqali Balx, Hirot va Sultoniya tomon yo’aladi.

Rossiya muarrixlari B.L.Grekov va A.Yu.Yakubovskiylarning asosli xulosalariga qaraganda, Temurning To’xtmish ustidan g’alaba qozonib Oltin O’rdaga bergan qaqshatg’ich zarbasi faqatgina O’rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek Rus knyazliklari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi. Chunki Oltin O’rdaning, xususan, uning so’nggi xonlari Mamay va To’xtamishlarning Rus yerlarida olib borgan uzluksiz talon-tarojlik yurishlari Moskva knyazliklarining yagona Rossiya davlatiga birlashishiga imkon bermay, ularning tinkasini quritgan edi. Bunday g’ovning barham topishi bilan shubhasiz, Rossiya davlatining markazlashuvi yo’lida tabiiy ravishda shart-sharoit vujudga keldi. Endilikda Temur o’zining diqqat e’tiborini butunlay Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo yarim oroli, Hindistonni bosib olishga qaratadi.

Xuroson va Eronni fath etishni Temur hali To’xtmishni yengmasdan oldin boshlagan edi. Fors yerlarini bosib olishda Temur Eronda hukm surgan siyosiy parokandalikdan foydalandi. 14-asrning ikkinchi yarmida Eronda birlashgan yagona davlat mavjud emas edi. Mamlakat bir necha mustaqil hokimliklarga bo’linib idora qilinar edi. Ozarbayjonda Jaloir davlati (1336-1411 yillar), Sabzavorda Sarbadorlar davlati (1337-1381 yillar), Hirotda Kurtlar davlati (1337-1381 yillar) hukm surardi. Bu davlatlar garchi o’zaro birlashib harakat qilgan taqdirda ham Temurning juda katta qo’shiniga qarshi tura oladigan harbiy kuchga ega emas edi. Shu sababli Temur ular ustidan osonlik bilan tezda g’alaba qozondi. 1380 yilda Temur bir necha yetuk sarxanglar bilan o’g’li Mironshoh Mirzoni Xurosonni fath etish uchun yuboradi. Uning orqasidan asosiy kuch bilan tezda o’zi ham yetib boradi. Xurosonda u ikki xonadon – shimolda Sarbadorlar, janubda Kurtlar bilan jang qilishga majbur bo’ladi. Ayniqsa Kurtlar hokimi G’iyosuddin Pirali Temurga qattiq qarshilik ko’rsatadi. Mustahkam shahar devori va mashhur Ixtiyoruddin qal’asiga ega bo’lgan Hirot shahri 1381 yilda shiddatli jangdan so’ng zabt etiladi. Temur shahar devori va istehkomlarini buzib tashlaydi. Hirotning mashhur ulamo va fozillari Shahrisabzga jo’natiladi. Shaharga katta o’lpon solinadi. Hirotning qulashi bilan deyarli bir vaqtda Sarbadorlar davlati o’z mustaqilligidan ajraladi. O’sha davrning ilmu ma’rifat va san’at markazlaridan hisoblangan Tus, Nishopur va Sabzavor shaharlari jangsiz taslim bo’ladi. Chunki o’z shaharlarini xarobaga aylanishini istamagan xurosonliklar ixtiyoriy ravishda shahar darvozalarini fotih qo’shiniga ochib beradilar.

Shunday qilib, butun Xuroson Temur tasarrufiga o’tadi. Temurning Eronning yurishi bu bilan cheklanmadi. U Eronga 1386 yildan boshlab “uch yillik”, 1392 yildan “besh yillik” va nihoyat 1399 yildan “yetti yillik” yurishlar qildi.

1383 yilda Temur Seyiston (Sakiston), son’gra Balujistonni zabt etib, Eronning janubiy va shimoli-g’arbiy viloyatlari tomon askar tortadi. Eronning bu o’lkalarida o’sha vaqtda ikki sulolasi hukm surardi. Janubiy Forsda – Isfaxonda Muzaffariylar hokim edi. Iroq va Ozarbayjon viloyatlari esa Jaloyiriylari hukmdorlari qo’lida bo’lgan. 1387 yilda Fors viloyatining hukmdori Shohkujo o’z yurtini talon-taroj va vayronagarchilikdan saqlab qolish maqsadida o’z ixtiyori bilan Temurga jangsiz taslim bo’ladi. Qizini Jahongir Mirzoning o’g’li Pirmuhammadga berib, sulhni nikoh bilan mustahkamlaydi. Biroq Jaloyirlardan Sulton Ahmad (hukmronligi 1382-1410) o’zining kurd suvoriylari hamda ozarbayjonlik harbiylardan tashkil topgan qo’shini bilan Temurga qarshi turadi. Ammo jangda muvaffaqiyatsizlikka uchrab Bag’dodga chekinadi. So’ngra Temur Araks daryosidan qochib o’tib, bir zarba bilan butun Kavkazni ham bo’ysundiradi. Naxichevon, Shirvon va Tbilisga g’olibona kirib boradi. Gilonni bosib olgach, u yerdan Armanistonga o’tib, mashhur Van qal’asini zabt etadi.

1392 yilda Temur Astrobod va Mozondaronni qo’lga kiritgach, shiddatli muhorabadan keyin to’g’li Eronning asosiy shahri Omulii, so’ngra Luriston va Xuzistonni zabt etadi. Temur Ozarbayjonni batamom bo’ysundirish uchun katta qo’shin bilan bir necha bor yurish qilishga majbur bo’ldi. Nihoyat 1397 yilda Ozarbayjon Temurga butunlay taslim bo’ladi.

1398 yilning mayd oyida Temur 90 ming askar bilan Amudaryodan o’tib Hindistonga yurish qiladi. Avgustda Kobul shahrini zabt etgach, olti oy mobaynida Mo’ltonni qamal qilib turadi. So’ngra Hind daryosidan o’tib, dekabr boshlarida u Dehliga yetib boradi. Dehli ostonasida sodir bo’lgan jang Temurning ko’p yillik yurishlari tarixida eng shiddatli va ko’p talofatli muhoraba hisoblanadi. Bu harbiy to’qnashuvda Dehli hukmdori Sulton Mahmud dushman saflariga qarshi o’rgatilgan jangovar fillani ishga soladi. Temur askarlari zo’g’otali mixlar qoqilgan taxtalarni bostirib kelayotgan hayvon yo’liga tashlash, pistirmadan chiqib fillar hartumiga qilich soluvchi sarbozlar otryadi, hamda ustiga shoh-shabba bog’lamlari ortilib, jang paytida ularga o’t qo’yib yuborilgan tuya va qo’toslar vositasida fillar hujumini daf etadilar. Fillarning bir qismi shikast topib, qolganlari qo’rquvdan orqaga qaytib hind askarlari safini buzib, ularning bir qismini yanchib yuboradi. Dehli hokimi jangda yengiladi. 1398 yilning 15 dekabrida Temur 15 ming askar bilan Dehliga kirib boradi. O’lja olingan boyliklar bilan malakali binokor usta va hunarmandlar Samarqandga jo’natiladi, qolgan qismi amir va lashkar boshliqlariga bo’lib beriladi. Ularning har biriga 150 nafardan asir olingan hunarmandlar tegadi. Temur qo’shin tortib Gang daryosi sohillarigacha boradi. O’sha yerdan orqaga qaytib, 1399 yilning bahorida Samarqandga yetib keladi va o’zi bilan ko’pgina Hindiston fillarini ham olib keladi. Poytaxtda Temur qisqa vaqt dam olgach, G’arbiy Osiyoga yangi safar hozirligini ko’rib qo’shinlari bilan yo’lga chiqadi. Qish mavsumini u Qorabog’da o’tkazib, 1400 yilning yozida Suriyaga yurish qiladi. Avval Xalab (Aleppo) va Bayrut shaharlari olinib, 1401 yilning boshlarida bir oylik qamaldan so’ng Damashq taslim bo’ladi. Damashq zabt etilgach, Temur qo’shinga biroz dam berish maqsadida Qorabog’ga qaytadi. Chunki muttasil yurishlar, shiddatli janglarda horib, behisob o’ljalardan me’dasi to’ygan qo’shin o’zining avvalgi jangavorlik shiddatini yo’qotgan edi. Buning ustiga yoshi oltimishdan oshib qolgan Sohibqironning o’zi qattiq xastalangan edi. Ammo kasallik Temurning qaddini ham, irodasini ham buka olmadi. Shu ahvolda u usmonli turklarning sultoni Boyazid Yildirimga qarshi urush e’lon qiladi.

O’z davrining jangovar suvoriylari hamda 14-asr 2-yarmida yangi tartibda tuzilgan piyoda askarlar – “yenchilar”lardan iborat qo’shinga ega bo’lgan usmonli turklar 1354 yili Gallipolni, 1362 yili Adrianopolni zabt ettilar. 1365 yili Sulton Murod Xudorondiyor poyatxtni Bursadan Adrianopol (turkcha Edirne) ga ko’chirdi va bu shahar 1453 yilgacha poytaxt bo’lib turdi. Sulton Boyazid (1389-1402 yillar) davrida usmonli turklar Kichik Osiyo yarim orolida kuchli harbiy-feodal davlatga aylanadi. Ular butun Bolton yarim orolini zabt etishga kirishadi. 1396 yil 25 sentabrda Nikopol ostonasida Turkiya sultoni Boyazid qariyib 200 ming kishilik armiyasi bilan salbchilarning 70 minglik birlashgan qo’shiniga qaqshatgich zarba beradi. Jangda Yevropa ritsarlarining barcha sarasi halok bo’ldi, qolganlari (10 mingga yaqin kishi) asir olindi. So’ngra Sulton Boyazid Konstantinopolni qamalga olib, Vizantiya ustidan o’z hukmronligini o’rnatadi. Bu voqealardan so’ng butun Sharqiy Yevropa davlatlari taxlikaga tushib qoladi. Xuddi shu paytda Temurning Kichik Osiyo yarim oroliga usmonli turklar sultoni Boyazidga qarshi yurishi boshlanadi. Bu davrda sodir bo’lgan bunday murakkab siyosiy vaziyatdan Sulton Boyazid ham, Sharqiy Yevropa davlatlari hukmdorlari ham o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga va undan iloji boricha beshikast chiqib olishga harakat qiladilar. Sharqiy Yevropa davlatlari Boyazidga qarshi kurashish uchun Temur bilan ittifoq tuzishga intilsalar, Turkiya sultoni esa Temurni birgalikda Yevropaga qarshi kurashga da’vat etadi.

Boyazidga qarshi birgalikda kurashish taklifi bilan 1401 yilning avgust oyida Konstantinopolning muvaqqat hokimi Ioann VIII Paleolog Qorabog’ga – Temur qarorgohiga Dominikan monarxlari Frensis bilan Aleksandrni elchi qilib yuboradi. Yunoniston imperatori Manuel III Tranzonlik va arxiepiskop Ioann Sultoniylik ham mana shunday taklif bilan Temurga murojaat qiladilar. Venetsiya Temur agarda Boyazidga qarshi urush boshlagudek bo’lsa, kemalar bilan yordam qilishga va’da beradi. O’z navbatida Temur bilan Boyazid o’rtasida ham yozishmalar olib boriladi. Boyazid o’z maktubida Temurga birgalikda Yevropaga qarshi kurashish imkoniga ishora qiladi. Biroq, Temur bunday taklifni rad qilib, usmonli turklar saroyida panoh topgan turkmanlarning isyonkor Oqquyunlu va Qoraquyunlu qabilalarining boshliqlarini unga topshirishni talab qiladi. O’zaro muzokaralar davomida har ikki tomon ham hayot-mamot yo’lida bo’ladigan katta jangga tayyorgarlik ko’radilar.

Temur bilan Boyazid qo’shinlari o’rtasida jang 1402 yilning 28 iyulida Anqara yonida boshlanadi. Shuning uchun bu muhoraba tarixda “Anqara janggi” bilan ma’lum. Muhorabada har ikki tomondan hammasi bo’lib, 400 ming nafar yaxshi mashq ko’rgan, janglarda chiniqqan jangchi va lashkarboshilar ishtirok etadi. Bu tarixiy jangda Temurning buyuk sarkardalik qobiliyati va mahorati har tomonlama to’la namoyon bo’ladi. 200 minglik Temur qo’shinining o’ng qanotida o’g’li Mironshoh, chap qanotida nabiralari Sulton Husayn va Xalil Sultonlar bilan kenja o’g’li Shohruh qo’mondonlik qiladi. Samarqanddan yetib kelgan yangi jangovar qismlardan tashkil topgan qo’shin markazini Temurning sevimli nabirasi va valiahdi Muhammad Sulton boshqaradi. Qo’shin markazining manglayida uchiga yarim oy shaklida oltin to’g’ro o’rnatilgan to’riq ot yoli osilgan zangori davlat alami (bayrog’i) muttasil tutib turilgan. Markaz va qanotlar ortida sohibqiron va uning ikki nabirasi Pirmuhammad va Iskandarlar boshliq zahiradagi qismlar joylashtirilib, ular jang holatini muttasil kuzatgan holda dushmanga to’satdan beriladigan hal qiluvchi zarbaga tayyor turgan.

Boyazid armiyasining o’ng qanotiga Sultonning qaynisi serb knyazi Lazarevich qo’monlik qiladi. Bu qism o’t irg’itgich (ra’dandoz) lar bilan qurollangan serb polklaridan tashkil topgan edi. Makedoniyalik askarlardan iborat qo’shinning so’l qanotini Boyazidning o’g’li Sulaymon Chalabiy boshqaradi. Bu qanot turk suvoriylari bilan kuchaytirilgan edi. Besh minglik piyoda “yenicheri”lar hamda otliq sipohiy qismlardan iborat markaz esa Boyazid va uning o’g’illari Muso, Iso va Mustafolar tomonidan boshqariladi.

Ikki katta qo’shin o’rtasida boshlangan jang avjiga chiqib, hal qiluvchi pallaga yetganda Boyazid lashkarining Onato’li qismlari Temur tomoniga o’tib ketadilar. Manbalarning guvohlik berishicha, turklar lashkarining kattagina qismi dushmanga jangsiz taslim bo’lgan, natijada Sulton Boyazidning qo’shini batamom tor-mor etilib, o’zi asir olinadi. U bilan birga uning xotini serb malikasi Olivera, o’g’illari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushadilar. Temur bu zafarli g’alaba bilan butun Kichik Osiyo yarim orolini zabt etib, O’rta dengizining sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahriga yetib boradi. Izmir zabt etilgach, salbchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohi tugatilib, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari taslim bo’ladilar. O’z navbatida Misr podshohlari ham Temurga o’z itoatkorliklariklarini izhor etadilar. Temur Usmonli turklarning poytaxti Anqarani, shuningdek Nikeya, Bursa va Izmir shaharlarini hamda ko’plab qishloqlarni talon-taroj qiladi. Bursa shahrida u Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yig’ib bergan bojlaridan iborat katta o’ljani qo’lga kiritadi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning o’zi kattagina karvonga yuk bo’lgan.

Boyazid ustidan qozonilgan buyuk g’alaba bilan Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV va Vizantiya imperatori Temurga o’z muboraknomlarini yuboradilar. Xullas, Yevropaga ulkan xavf solib turgan imperiyaga berilgan zarba uchun Temurdan endigina uyg’onayotgan butun Yevropa minnatdor edi. Ammo Temur usmonli turklar davlatini butunlay yo’q qilib yuborish niyatida emas edi. U bundan manfaatdor ham emasdi. Chunki salb yurishlarining oqibatlari, Yevropa davlatining Yaqin Sharq mamlakatlaridagi ilinjlari hali musulmon olami yodidan ko’tarilmagan edi. Shuning uchun ham Temur Boyazid vorislariga himmat ko’zi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Sulaymon Chalabiyni u turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim qilib tayinlab, unga hukmdorlik toji va yoriqlar in’om etdi va mansabdorlik sarposini kiygizdi. Ediris (Adrianopol) shahri uning poytaxti qilib belgilandi. Anado’lu yarim orolining shimoli-g’arbiy qismi suyurg’ol sifatida Iso Chalabiyga in’om etilib, Bursa shahri uning poytaxti bo’ldi. 1403 yilda asirlikda vafot etgan Boyazid lozim darajadagi izzat-ikrom bilan Bursa shahridagi Usmonlilar sulolasining xilxonasiga dafn etildi.

1404 yilning may oyida Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytib keladi va o’zining Xitoyga bo’ladigan harbiy yurishiga taraddud ko’radi. Shubhasiz, Temur Xitoyga yurish uchun bir necha yil puxta tayyorgarlik ko’rgan edi. Safar uchun kerakli ma’lumotlar yillar davomida Xitoyga yuborilgan savdo karvonlari orqali allaqachon to’lab olingandi. 1404 yilning oxirida qahraton qishda u yaxshi qurollangan 200 minglik qo’shin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqadi. Qo’shinning asosiy qismi hisoblangan o’ng qanot Shohruxiya, Toshkent va Sayram oralig’ida to’planadi. Unga Mironshohning o’g’li Xalil Sulton hamda Umarshayxning o’g’li Xalil Sulton hamda Umarshayxning o’g’li Ahmad qo’mondonlik qiladilar. Temurning nabirasi Sulton Husayn boshliq qo’shinning markazini boshqarib, dekabr oyida Oqsulot mavzeida to’xtaydi. O’sha oyning 25-kuni u O’tror shahri tomon yo’l oldi. 1405 yilning boshlarida Sirdaryoga yetib boradi. Qish nihoyatda qahraton edi. Sirdaryo qalin to’ngib qolganidan qo’shin 4 yanvarda muz ustidan bemalol daryoni kesib o’tadi. Sovuqning qattiqligidan askarlar aksariyatining quloq va burunlari, qo’l va oyoqlarini sovuq olgan edi. Bir qancha askarlar va ayrim harbiy boshliqlar hatto sovuqdan, to’ngib halok bo’lgan edi. Biroq Temur mag’rurona qaysaylik bilan qo’shinni faqat olg’a surardi. 14 yanvarda u O’trorga yetib kelib, shahar yaqinida o’rdugoh (lager) qurishga majbur bo’ladi. Chunki u yo’lda shamollab, qattiq betob bo’lib qolgan edi. O’trorda uning kasali zo’rayib yotib qoladi. Zudlik bilan uni O’tror hokimi Berdibekning saroyiga oladilar. Saroy tabibi Mavlono Fayzulloh bemor Temurning holati umidsiz ekani to’g’risida ma’lum qiladi. Manbalardan ma’lum bo’lishicha, holati razm vaqtini yaqinlashganini sezgan sohibqiron hamsafar nabiralari va quroldosh amirlarini o’zaro ittifoq va do’stona hayot kechirishlarini istab, o’ziga voris etib tayinlangan Pirmuhammadga itoat etishlarini vasiyat qilgan. Hatto Temur hilvatgohida hozir bo’lgan amirlardan Shohmalik va Shayx Nuriddinlar uning vasiyati vojibini og’ishmay so’zsiz va ado etajaklari haqida ahdi va;da ham berganlar. Bu voqeadan so’ng 1405 yilning 18 fevral kuni kechqurun Temur vafot etadi. Uning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsa-da, ammo ko’p vaqt o’tmay bu noxush xabar mamlakat bo’ylab tarqalib ketadi. Temurning jasadi Samarqandga olib kelinadi. Bu yerda o’zi ixlos qo’ygan piri Imom Said Baraka uchun bino qilingan muhtasham maqbaraga dafn qilinadi.

Shunday qilib, Temur o’zining 35 yillik hukmronlik davrida ko’p qo’shni mamlakatlarni zabt etdi. Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar va Orol dengizidan Fors qo’ltig’iga qadarli g’oyat katta territoriyani o’z ichiga olgan ulkan bir saltanatni vujudga keltirish. Bundan tashqari, yana u Osiyoning janubi-g’arbiy tomonlari, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoli-g’arbda, Quyi Volga, Don bo’ylari, shimoli-sharqda Balxash ko’li va Ili daryosi bo’ylari hamda janubi-sharqda Shimoliy Hindistongacha bo’lgan mamlakatlarni o’ziga bo’ysundirishga muvaffaq bo’ldi. Ushbu mamlakatlardan u juda ko’p o’ljalarni olib ketdi. Temur faqat o’ljalar bilan cheklanib qolmay, boz ustiga Yevropa va G’arbiy Osiyo mamlakatlarini Uzoq Sharq bilan bog’lagan jahon savdosi yo’llari ustidan hukmronlik qilishni ham o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. U Oltin O’rda territoriyasidan o’tgan shimoliy savdo yo’lini O’rta Osiyo orqali o’tgan qadimiy yo’lga yana burib yuborishga zo’r berib harakat qildi. Temur ana shu maqsadni ko’zda tutgan holda Oltin O’rdaning savdo-soti rivojlangan shaharlari Azoq (Azov), Saroy Berka, Astraxon, Urganch va boshqa shaharlarni vayron qiladi. Temurning vafoti va undan keyin yuz bergan siyosiy tangliklar bu rejaning to’la amalga oshiriluviga halaqit berdi.

Temurning harbiy yurishlari, olib borgan janglarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni ta’kidlab o’tish kerakki, uning faoliyati qo’yilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga bo’linadi. Birinchi bosqich 1360-1386 yillarni o’z ichiga oladi. Bu davrda Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yo’lida kurashdi. Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor bo’lgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar yordamida o’rta asrlarning tarqoq feodal mulklarini birlashtirish uchun kurash olib bordi. Temurning bu davrdagi faoliyati O’rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yo’lida shubhasiz ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Feodal tarqoqlik tugatilib, markazlashgan davlatning tuzilganligi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakatdagi ishlab chiqaruvchi kuchlarni va mo’g’ullarning bir yarim asrlik hukmronligi davrida jiddiy zarar ko’rgan iqtisodiyotni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqtda xo’jalikning asosi bo’lgan dehqonchilikda muayyan siljishlar ro’y berdi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topa boshladi.

Temur faoliyatining ikkinchi bosqichi asosan 1386 yildan boshlanib, 1402 yilgacha davom etadi. Bu davrda Temur “uch yillik”, “besh yillik” va “yetti yillik” harbiy yurishlarini amalga oshirgan. Uning Oltin O’rda, Eron, Iroq, Zakavkazye, Kichik Osiyo, Misr va Hindistonda olib borgan yurishlari va jangu-jadallari, shubhasiz, tajovuzkorlik tusiga ega edi. Bu urushlaar nihoyatda shafqatsizlik bilan olib borilgan.

Temurning istilo qilingan mamlakatlardagi zulmkor tartiblari ko’pincha qo’zg’olonlar ko’tarilishiga sabab bo’lardi. 1383 yilda Sabzavor va Hirot shaharlarida, 1387 yilda Isfaxon va Sherozda, 1401 yilda Bag’dodda katta xalq qo’zg’olonlari bo’lib o’tadi. Bu qo’zg’olonlarni Temur shafqatsiz bostirib, qo’zg’olonchilarni qattiq jazolaydi.

Temurning harbiy yurishlari va jangu-jadallaridagi bunday faoliyati teranroq talqin etilib, unga baho beriladigan bo’lsa, shuni aytish mumkinki, u avvalo Osiyo sarkardasi edi. Temur o’zining g’olib askarlari va qurollaridan o’z zamonasining taomi bo’yicha foydalangan. To’g’ri, jazo nihoyatda qattiq, lekin ko’pincha adolatli bo’lgandi. Isfixon va Sherozda avval tuzilgan o’rtadagi ahdga hiyonat qilinganligi va qatl etilgan uch ming askari uchun Temur qasos tariqasida qatli om qilgan. Xullas, Temur O’rta asrlarda shakllanib rivoj topgan feodal jamiyatning murakkab siymosi. U yuksak harbiy daholik va qat’iyatlik bilan o’z jamiyatiga xizmat qildi. Shu sababli bo’lsa kerak, muarrixlar bunday sifatlarga ega bo’lgani uchun Temurni Makedoniyalik Iskandar, Qaysar (Yuliy Tsezar) va Chingizxonlarga qiyos qilib, ular bilan bir safga qo’yadilar.

Shunday qilib, Temurning ko’p yillik harbiy yurishlari oqibatida, zo’rlik asosda bo’lsada, O’rta Osiyo, Yaqin va O’rta Sharq hamda Shimoliy Hindistonni qamrab olgan o’z davrida jahondagi eng yirik harbiy-feodal saltanati tashkil topdi. Ayni vaqtda bu davlat tasarrufidagi mamlakatlarda yashagan xalqlar o’rtasida bevosita iqtisodiy va madaniy aloqalar kuchayib, ularning keyingi taqdirida u ijobiy rol o’ynadi.

Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket