«Oyna»

«Oyna» — o’zbek tilidagi to’ng’ich jurnal. 1-soni 1913 yil 20 avgda chiqqan. Jurnal Samarqandda nashr qilingan, 2 tilda — o’zbek va fors tillarida chop etilgan. «Oyna» Turkiston jadidlarining rahnomasi — Mahmudxo’ja Behbudiy tomonidan asoslangan va uning muharrirligida faoliyat ko’rsatgan. «Oyna» xususiy jurnal bo’lib, 400-600 nusxada toshbosmada chop qilingan, muxlislar orasida obuna va chakana savdo yo’li bilan tarqalgan. «Oyna» avvaliga haftada 1 marta 24 sahifada, keyinroq 15 kunda 1 marta 35 sahifada chiqarilgan. Materiallar «bayoni hol», «Samarqand xabarlari», «axbori jahon», «reklama» nomli doimiy ruknlar ostida chop etilgan. «Oyna»ning bir qancha xorijiy Sharq mamlakatlarida ham muxlislari bo’lgan. «Oyna»ni chiqarishda M. Behbudiyga samarqandlik iqtidorli qalamkashlar: Saidrizo Alizoda, Rojiy, Hoji Muinlar ko’maklashganlar. Jurnalda chetdan maktab, madrasa muallimlari, elga tanilgan adiblar, ilm axllari hamkorlik qilganlar. M. Behbudiy noshirlik, muharrirlik vazifalarini ado etish bilan birga, jurnalning qariyb har bir sonida dolzarb mavzulardagi sermazmun, sara maqolalar bilan ko’rinib turgan. M. Behbudiy va uning jadid safdoshlari Turkistonning milliy va diniy zaminda taraqqiy etmog’ini ko’zlaganlar. Shu bois o’lka taraqqiyotining jadidlar nazarda tutgan bu ikki asosiy yo’nalishiga daxldor muammolar «Oyna»ning ham diqqat markazida turgan. Turkistondagi tub aholini zamonaviy ilmu urfondan, ma’rifatdan bahramand etish maqsadida nashr qilingan. «Oyna» jurnali asosiy diqqatni o’lkadagi milliy ta’lim tizimini yangilashga yo’naltirgan. Jurnal sahifalarida chop qilingan materiallarning aksariyati maorifga aloqador. Jurnal jamoatchilik o’rtasida ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni o’rgatuvchi yangi «usuli jadid» maktablarini tashviq qildi, bunday maktablar uchun darsliklar, bilimdon muallimlar tayyorlash vazifasini eslatib turdi, milliy o’zlikni anglash muammolariga katta e’tibor berdi. Vatanparvarlik, millatparvarlik g’oyalarini, betakror tarixiy madaniy merosimizni keng targ’ib qilish — «Oyna»ning muhim xususiyatidir. Bu fazilatni M. Behbudiy qalamiga mansub «Turkiston», «Samarqandda Sherdor madrasasi», «Ulug’bek rasadxonasi», «Sart so’zi majhuldir», «sayohat xotiralari» va boshqa maqolalardan yaqqol his etish mumkin. «Oyna» milliy tilga doir maqolalarida jamoatchilikni milliy tilni taraqqiy ettirishga, uning sofligini asrashga da’vat etib, «har millat o’z tili ila faxr etar», deya uqtirgan. «Oyna» 1915 yilning 15 iyuniga qadar nashr qilingan. Jami 68 ta soni chiqqan.