«Ozod Yevropa»/»ozodlik»

«Ozod Yevropa»/»ozodlik» bir qancha Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalariga eshittirishlar olib boruvchi notijoriy, nodavlat xalqaro radiostantsiya. «Ozod Yevropa» korporatsiyasi («Free Europe, Inc.») 1949 yilda kommunistik mafkura ta’siri ostidagi Sharqiy Yevropa davlatlarida ro’y berayotgan voqealar haqidagi xabar va reportajlarni efir orqali berish maqsadida tashkil etilgan. 1951 yilda aynan shu asoslarda Sovet Ittifoqi respublikalari uchun eshittirishlar olib borish maqsadida «Ozodlik radiosi komiteti» («Radio Liberty Comnitee, Inc.») korporasiyasi tashkil etilgan. Har ikkala radiostantsiya, asosan, AQSh Kongressi tomonidan Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) orqali mablag’ bilan ta’minlanib kelingan, ayni paytda byudjetning muayyan qismi ayrim shaxslarning xayriyalaridan iborat bo’lgan. Radiostantsiyalar faoliyatini mablag bilan ta’minlash va nazorat qilish bo’yicha barcha majburiyatlar 1971 yilda Xalqaro radioeshittirishlar kengashi ixtiyoriga o’tgach, MRB ushbu sohadagi o’z ishtirokini to’xtatadi. Xalqaro radioeshittirishlarga ixtisoslashgan mazkur korporatsiyalar 1975 yil RFE /RL, Inc. («Radio Free Europe» / Radio Liberty, Incorporated) — PCE/PC tarzidabirlashtirildi. «Ozod Yevropa»/»ozodlik» radiostantsiyasi 26 tilda eshittirishlar olib boradi. Radioeshittirishlarning haftalik umumiy hajmi 800 soatni tashkil etadi. Mazkur radiostantsiyalarning shtab-kvartiralari 1995 yilgacha Germaniyaning Myunxen shahrida bo’lgan, 1995 yildan Chexiya Respublikasining Praga shahriga ko’chirilgan. Asosiy shtab-kvartirasidan tashqari, joylarda (jumladan, Toshkent shahrida) uning 24 byurosi faoliyat ko’rsatadi. RSE/RS, ya’ni «Ozod Yevropa»/»ozodlik» radiostantsiyasi avvallari kommunistik tuzumga qarshi eshittirishlar tayyorlagan bo’lsa, 1991 yildan o’z eshittirishlari yo’nalishi va mazmunini quyidagilardan iborat deb hisoblaydi: demokratik va bozor munosabatlari sohasidagi islohotlarga aloqador ichki va mintaqaviy masalalar bo’yicha yangiliklar, taxliliy materiallar berib borish; demokratik qadriyatlarni targ’ib qilish orqali fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga yordam berish; etnik va liniy kelishmovchiliklarni bartaraf etishga hissa qo’shish va boshqalar. Ayni vaqtda «Ozod Yevropa»/»ozodlik» xabarlarida «shov-shuv» ketidan kuvib, voqea-hodisalarni buzib ko’rsatish, biryoklamalik, «tirnoq ostidan kir qidirish» holatlari ham uchrab turadi.