Olive de serr
Olive de serr — qishki nok navi. Vatani — Frantsiya. O’zbekistonda 19-asr oxiridan ekila boshlangan. Daraxti o’rtacha kattalikda. Hosil shoxlari ko’p, barglari o’rtacha va mayda, o’zidan changlanadi. Mevasining o’rtacha vazni 150-160 gramm, ba’zan 500-600 gramm va undan ortiq. Tarkibida 13,68% qand, 23,3% quruq modda, 0,31% kislota bor. Behi payvandtagga ulangan ko’chati 3-4 yilda, yovvoyi nokka payvand qilingani 4-5 yilda hosilga kiradi. 8-10 yoshida tupi o’rtacha 20-40 kilogramm, 25-30 yoshida 110-120 kilogramm hosil beradi. Hosili sentabr-oktabr oylarida teriladi, Fevral oylarigacha saqlanadi. O’zbekistonda qishki noklarning eng shirini hisoblanadi. 1959 yildan respublikaning barcha viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.