Oliy harbiy bojxona instituti

Oliy harbiy bojxona instituti, O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasining Oliy harbiy bojxona instituti — bojxona tizimiga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. Toshkent shahrida joylashgan. 2002 yil 22 mayda bojxona kolleji, soliq va bojxona akademiyasining bojxona ishi fakulteti negizida tashkil etilgan. Tarkibida bojxona ishi, qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetlari hamda 12 kafedra (jangovar, harbiy xizmat, jismoniy tayyorgarlik va avtomobil ishi; bojxona nazoratini tashkil etish; tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan boshqarish va hokazolar) bor. Institutda bojxona tizimidagi kadrlarning bazaviy kasbiy tayyorgarligi oshiriladi, tizim xodimlari qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi; bojxona ishi sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarning shu kabi o’quv bo’linmalari bilan amaliy, uslubiy aloqalar o’rnatish, ilmiy adabiyotlar tayyorlash va nashr etish ishlari bajariladi. Institutda 2003/2004 o’quv yilida 125 nafar talaba o’qidi, 112 nafar professor-o’qituvchilar ishladi. Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash mavjud. Aspirantura bor. O’quv qo’llanmalari, dasturlar, ilmiy va metodik qo’llanmalar nashr etiladi. Muhammadjon Nig’matov.