Oliy ta’lim

Oliy ta’lim — turli oliy maktablarda yuqori, oliy malakali mutaxassislar tayyorlash. Oliy ta’lim oliy o’quv yurtlari tomonidan xalq xo’jaligi, fan va madaniyatning turli sohalari bo’yicha oliy malakali mutaxassis bo’lishni istagan va tegishli talablarni bajargan o’rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limini olgan kishilarga ilmiy-nazariy bilim berish hamda muayyan ko’nikmalar shakllantirish yo’li bilan amalga oshiriladi. Oliy ta’lim jarayonida talabaga oliy ma’lumot beriladi. Oliy ma’lumot tushunchasi muayyan ixtisoslik bo’yicha mutaxassis oldida turgan nazariy va amaliy muammolarni mustaqil hal qilish imkonini beradigan darajadagi bilim va malakalar yig’indisini anglatadi. Oliy ta’lim uzoq tarixga ega bo’lib, u dastlab qadimgi Sharq mamlakatlarida paydo bo’lgan. Misr, Bobil, Xitoy singari mamlakatlarda mil.dan bir necha ming yillar burun Oliy ta’lim tizimi dunyoga kelgan. Oliy bosqichdagi maktablarda talabalar olimlarning tabiat va jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari, davlatni boshqarish yo’llari haqidagi asarlarini o’rganar edilar. Platon (miloddan avvalgi 428— 348 yil), Aristotel (miloddan avvalgi 384-322 yil) singari mutafakkirlar xar bir shaxsning jismoniy va aqliy imkoniyatlari 3 bosqichli ta’limda to’la namoyon bo’lishini asoslaganlar. Shuning uchun ham Yunoniston va qadimgi Rimda ozod kishilar hamda aslzodalarning farzandlari uchun ta’limning uchinchi — oliy bosqichi zarurligi tan olingan. Antik Oliy ta’limda falsafa, Filologiya, musiqa, notiqlik, tibbiyot, matematika fanlarini o’rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Musulmon Sharqining ko’p mamlakatlaridagi kabi Turkistonda ham dastlabki Oliy ta’lim madrasalarsa berilgan. Insoniyat tarixida musulmon Renessansi degan bosqichning yuzaga kelishida madrasalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. G’arb mamlakatlarida 11 —12-asrlarga kelib zamonaviy ma’nodagi Oliy ta’lim tizimining dastlabki ko’rinishlari vujudga kela boshladi. Uyg’onish davrida matematika, mexanika, astronomiya, navigatsiya, tibbiyot kabi sohalardagi ulkan ilmiy kashfiyotlar Oliy ta’limning mazmuni chuqurlashuvi hamda qamrovi kengayishiga sabab bo’ldi. Fan, texnika, madaniyat va san’atning rivojlanishiga mutanosib ravishda Oliy ta’lim ham taraqqiy etib bordi. O’zbekistonning mahalliy aholisiga hozirgi tushunchadagi Oliy ta’lim O’rta Osiyo jadidchilik harakati asoschisi Munavvarqori rahbarligida 1918 yil 12 mayda Toshkentda tashkil etilgan Xalq dorilfununida berila boshlangan. Sho’rolar davrida Oliy ta’lim tarmog’i bir qadar kengaygan bo’lsada, mahalliy aholidan oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash ustuvor mavqeda bo’lmagan. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin Oliy ta’lim tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni (1997)ga muvofiq, Oliy ta’lim o’rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi negiziga asoslanadi hamda ikki — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega. Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro’yobga chiqarishning ma’lum davriga qadar Oliy ta’lim o’n bir yillik umumiy o’rta ta’lim negizida ham amalga oshiriladi. E’tiqod erkinligiga amal qilinadigan O’zbekiston Respublikasida dunyoviy oliy o’quv yurtlari bilan birgalikda oliy diniy-o’quv yurtlari ham bor. O’zbekistonda Oliy ta’lim davlat qaramog’idadir. Mamlakatda universitet Oliy ta’limi ustuvor maqomga ega. Bu tayyorlanayotgan mutaxassislarning jahon darajasida nazariy bilim va amaliy tayyorgarlikka ega bo’lish imkonini beradi. Oliy ta’lim rasmiy davlat hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda ta’limning davlat standartlari, o’quv rejalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ularda o’rganilishi majburiy va ixtiyoriy bo’lgan fanlar, ixtisoslik kurslari, ularning o’qitilish tartibi, miqdori, vaqti, nazariy va amaliy ta’lim o’rtasidagi nisbat, nazariy mashg’ulotlar, o’quv va ishlab chiqarish amaliyotlari, reyting davri, ta’til, bakalavrlarning malakaviy bitiruv ishlari, magistrlarning dissertatsiyalarni yoklash muddati asosiy pedagogik hujjat — o’quv rejasida belgilab beriladi. O’quv rejasida o’rganiladigan fanlar gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy, matematik va tabiiy-ilmiy, umumkasbiy, ixtisoslik fanlari va ta’limning qo’shimcha turlari singari qismlarga bo’linadi. O’quv rejasidagi fanlar majburiy, maxsus, tanlov va fakultativ ko’rinishlarida olib borilishi ko’zda tutilgan. Talabalarga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumot berish ta’limning sirtqi shakli orqali amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasida Oliy ta’lim tizimida bir qancha ixtisoslik bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Kunduzgi Oliy ta’limda o’qish kurs tizimida olib boriladi: talaba barcha o’quv mash-g’ulotlariga qatnashishi majburiy. Sirtqi Oliy ta’limda ta’limning fan-kurs tizimi joriy etilgan. Bunga ko’ra, talaba imtihon sessiyasidagina mashg’ulotlarga kelishga majbur. Sirtqi Oliy ta’limning imtihon sessiyalari har bir o’quv yurtining imkoniyatiga qarab, bir yilda ikki martadan ortiq bo’lmagan yo’sinda tashkil etiladi. Sirtqi Oliy ta’lim muddati kunduzgi o’qishdagi tegishli mutaxassislikka qaraganda yarim yoki bir yil ortiq davom etadi. Qozoqboy Yo’ldoshev.