Oliy maktab

Oliy maktab — xalq xo’jaligining turli tarmoqlarida amaliy, pedagogik yoki ilmiy faoliyat ko’rsatish uchun umumiy o’rta yoxud o’rta maxsus ma’lumot asosida oliy malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. YUNESKOning belgilashiga ko’ra, «Oliy maktab» tushunchasi o’z ichiga universitetlar, o’quv institutlari, akademiyalar, oliy bilim yurtlarini qamrab olganidek, lisey va kollejlar ta’limini ham oladi. Bunda Oliy maktabning o’z talabalariga qay darajada bilim berishi va ularda qanday malakalar shakllantirishi emas, balki uning urta ma’lumot negizida mutaxassis tayyorlashi asos qilib olinadi. Shuning uchun ham bir qator mamlakatlarda umumiy o’rta ta’limdan keyin mutaxassis tayyorlaydigan har qanday o’quv yurti Oliy maktab hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro’yobga chiqarishning uchinchi bosqichidan so’ng Oliy maktab o’rta maxsus ma’lumot negizidagina mutaxassis tayyorlaydigan bo’ladi.