Quloq shang’illashi
Quloq shang’illashi — tashqi tovush ta’sirisiz quloqda shovqin sezilishi. Sog’lom kishilarda ba’zan shovqinsiz tinch sharoitda ham Quloq shang’illashi (fiziologik shang’illash) kuzatiladi, bu ichki quloqning mayda tomirlarida qon harakatlanishining sezilishi natijasida sodir bo’ladi. O’rta yoki ichki quloq yoxud eshituv nervi kasallanganda, simob, qo’rg’oshin, mishyak kabi ba’zi dori moddalardan zaharlanganda, gipertoniya, gipotoniya va boshqa kasalliklarda patologik Quloq shang’illashi ro’y beradi. Qon bosimi o’zgarganda, ruhiy iztirob, jismonan zo’riqish, toliqish va boshqalarda Quloq shang’illashi kuchayishi mumkin. Ba’zan homiladorlik, klimakteriya davrida ham vaktincha quloq shang’illaydi. Quloq shang’illaganda darhol vrachga uchrashish lozim, chunki u quloq va yurak-tomir sistemasi kasalliklarining dastlabki belgisi bo’lishi ham mumkin. Homiladorlarda Quloq shang’illashi ro’y bersa, albatta, ayollar konsultatsiyasiga ko’rinish lozim; bu davrda Quloq shang’illashi homilador ayol qon bosimining keskin o’zgaruvchanligi (beqarorligi) va homiladorlik toksikozi sababli bo’lishi mumkin.