QULOQLASHTIRISH

QULOQLASHTIRISH (rus. kulachestvo – mushtumzo’r) — mustabid sovet rejimining badavlat va o’rta hol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosati (1929-1933). O’rta Osiyoda yer-suv islohoti o’tkazilishi jarayonida qishloqlardagi badavlat xonadonlarni ―mushtumzo’r (―quloq) sifatida badarg’a qilish boshlangan. Bu islohot davridayoq 28 ming yirik va o’rta mulkdorlarning xo’jaliklari tugatilgan va ularning yerlari musodara qilingan edi. Sovet hukumati qishloq xo’jaligini jamoalashtirish (kollektivlashtirish) davridan boshlab quloqlarni sinf sifatida tugatishga jiddiy tayyorgarlik ko’rgan. VKP(b)MK Siyosiy byurosining ―yoppasiga jamoalashtirish rayonlarida quloq xo’jaliklarini tugatish tadbirlari to’g’risidagi qarori va VKP(b)MK O’rta Osiyo byurosining ―Quloqlarni sinf sifatida tugatish bilan bog’liq tadbirlar to’g’risidagi ko’rsatmalari (1930-yil 26-yanvar) asosida O’zbekiston Kompartiyasi MK 1930-yil 17-fevralda ―Kollektivlashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish to’g’risida qaror qabul qilgan. O’zbekiston SSRda quloq xo’jaliklarini tugatish kompaniyasi shu qarordan so’ng avj olgan. ―Quloqlar sifatida ro’yxatga olingan badavlat xo’jaliklarning mol-mulki to’liq musodara qilinib, ularning oilalari o’zga yurtlar (Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibir, Qozog’iston, Uzoq Sharq va h.k.)ga surgun qilingan. Shuningdek, respublikaning o’zida quloqlar uchun maxsus konsentratsion lagerlar va ko’chirib keltirilganlarning majburiy mehnat posyolkalari (17 ta) tashkil qilingan. Sovet hokimiyatiga qarshilik qilgan ―quloqlar esa qamoqqa olingan va otib tashlangan. Sovet tuzumi davrida quloqlikka tortilib, surgun qilinganlardan tirik qolganlarining erkin fuqarolik maqomini olib, o’z yurtiga qaytish jarayoni juda og’ir kechib, u taxminan 20 yildan ko’proq vaqt (1934-1956 yil)ni o’z ichiga oladi.