Quloqlashtirish

Quloqlashtirish, «quloqlar» (ruscha kulachestvo — mushtumzo’r) — mustabid sovet rejimining badavlat va o’rta hol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosati (1929— 33). O’rta Osiyoda yer-suv islohoti o’tkazilishi jarayonida qishloqlardagi badavlat xonadonlarni «mushtumzo’r» («quloq») sifatida badarg’a qilish boshlangan. Bu islohot davridayoq 28 ming yirik va o’rta mulkdorlarning xo’jaliklari tugatilgan va ularning erlari musodara qilingan edi. Sovet hukumati qishloq xo’jaligini jamoalashtirish (kollektivlashtirish) davridan boshlab quloqlarni sinf sifatida tugatishga jiddiy tayyorgarlik ko’rgan. VKP(b)MK siyosiy byurosining «yoppasiga jamoalashtirish rayonlarida quloq xo’jaliklarini tugatish tadbirlari to’g’risida»gi qarori va VKP(b)MK O’rta Osiyo byurosining «Quloqlarni sinf sifatida tugatish bilan bog’liq tadbirlar to’g’risida»gi ko’rsatmalari (1930 yil 26 yanvar) asosida O’zbekiston Kompartiyasi MK 1930 yil 17 Fevralda «kollektivlashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish to’g’risida» qaror qabul qilgan. O’zbekiston SSRda quloq xo’jaliklarini tugatish kompaniyasi shu qarordan so’ng avj olgan. Quloqlashtirish va o’rtahol dehqonlarga nisbatan zo’rlik qilish respublikadagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Dehqonlarning noroziligi kuchayib, Farg’ona va Zarafshon vodiylari, boshqa hududlarda ommaviy norozilik namoyishlari, sovet tuzumiga qarshi isyonlar va qurolli chiqishlar yuz berdi. Ba’zi isyonlar qurolli qo’zg’olon darajasiga ko’tarilgan. Faqat Qashqadaryo okrugida 1930 yil boshlarida dehqonlarning 14 ta norozilik chiqishlari yuz berib, ularda 3700 kishi ishtirok etgan. 1930 yil mart oyida O’zSSRda 240 ta, SSSRda 2 mingdan ortiq qurolli chiqishlar qayd etilgan. «Quloqlar» sifatida ro’yxatga olingan badavlat xo’jaliklarning mol- mulki to’liq musodara qilinib, ularning oilalari o’zga yurtlar (Ukraina, shimoliy Kavkaz, Sibir, Qozog’iston, Uzoq Sharq va hokazolar) ga surgun qilingan. Shuningdek, respublikaning o’zida quloqlar uchun maxsus kontsentrasion lagerlar va ko’chirib keltirilganlarning majburiy mehnat posyolkalari (17 ta) tashkil qilingan. Sovet hokimiyatiga qarshilik qilgan «quloqlar» esa qamoqqa olingan va otib tashlangan. «Quloqlar»ga qarshi kurash O’zSSR da kun sayin kengayib borgan. 1931 yil avgustda 3828 ta «quloq» xo’jaliklari tugatilgan, 3871 xo’jalik «quloq oilasi» sifatida Ukraina, Sibir va shimoliy Kavkazga surgun qilingan. Rasmiy ma’lumotlarda ko’rsatilishicha, 1933 yilda O’zbekistonda surgun qilingan «quloq» xo’jaliklari son 5500 taga yetgan. O’rta Osiyo respublikalaridagi majburiy mehnat ko’chkindilarining soni 1934 yil 1 yanvar holatida 29559 kishi bo’lsa, oradan bir yil o’tgach, ularning soni 12039 kishiga tushib qolgan (kamayish, asosan, vafot etganlar va qochib ketganlar hisobidan). 1933 yilda Quloqlashtirish siyosati, asosan, amalga oshirib bo’lingan. Biroq 1934-37 yillarda ham ko’plab badavlat dehqon xo’jaliklari «quloq» qilingan. Sovet rejimi qishloqda o’z hokimiyatini to’la o’rnatib, jamoalashtirishni amalga oshirib bo’lgach, surgun qilingan «quloq» xo’jaliklariga nisbatan o’z siyosatini bir oz «yumshatgan». Masalan, SSSR MIK 1934 yil 27 mayda «Sobiq quloqlarning grajdanlik huquqlarini tiklash tartibi to’g’risida» qaror qabul qilib, unda «quloqlar»ning saylov huquqlari tiklangan. Ikkinchi jahon urushi davrida majburiy mehnat ko’chkindilari tarkibida katta o’zgarishlar yuz bergan. Urushgacha va urushning dastlabki davrida «quloqlar» va ularning chaqiriq yoshidagi farzandlarini mehnat surgunidan ozod qilish boshlangan edi. Urush boshlangach, bu jarayon ham to’xtatildi. 1942 yilda SSSR hududida mehnat surgunida bo’lgan 100 ming kishi (O’zSSRda 1152 kishi) — «quloqlar» harakatdagi armiya safiga chaqirilib, frontga jo’natilgan. Sovet tuzumi davrida quloqlikka tortilib, surgun qilinganlardan tirik qolganlarining erkin fuqarolik maqomini olib, o’z yurtiga qaytish jarayoni juda og’ir kechib, u taxminan 20 yildan ko’proq vaqt (1934-56 yil)ni o’z ichiga oladi. «Quloq» qilinganlar miqdori to’g’risida tarixiy adabiyotlar va arxiv manbalarida turli raqamlar keltiriladi. Faqat 1930-31 yillarda SSSRdagi maxsus posyolkalarga ishlash uchun ko’chirib keltirilgan «quloqlar» soni 1803000 kishi (391 026 xo’jalik) bo’lgan. Ayrim tadqiqotchilar hisobiga ko’ra, «quloq» qilinganlar 3,5—9 million kishi atrofida edi. O’zbekistonda tugatilgan va surgun qilingan «quloq» xo’jaliklarining aniq miqdori hozirgacha to’liq aniqlanmagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, bu davrda 20 ming «quloq» xo’jaliklari (taxminan 80 000 – 100 000 kishi) badarg’a qilingan, ulardan 31 700 kishi esa repressiyaga uchragan. Faqat 1931 yil avgust — 1932 yil may oylari ichida respublikadan 9 651 xo’jalik (61 872 kishi) «quloqlar» sifatida surgun qilingan. Ad.: Golovanov A . A . Krestyanstvo Uzbekistana: evolyusiya sosialnogo polojeniya 1917-1937 gg., T.. 1992: Aminova R.X.. Vozvrashayas k istorii kollektivizasii v Uzbekistane, T., 1995; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; O’zbekiston tarixi (1917-1991 y.). T.. 2000: Shamsutdinov R., O’zbekistonda sovetlarning quloklashtirish siyosati va uning fojeali oqibatlari, T., 2001; Shamsutdinov R., Qishloqfojeasi: jamoalashtirish, quloklashtirish, surgun, T., 2003. Rustambek Shamsutdshyuv, Qahramon Rajabov.