Qurilish

Qurilish — moddiy ishlab chiqarishning yirik sohalaridan biri; turli maqsadlardagi bino va inshootlarni qurish va rekonstruktsiya qilish; ishni yuritish uchun foydalaniladigan hudud bilan birga qurilayotgan bino (inshoot); keng ma’noda yaratuvchilik jarayoni. Tugallangan va foydalanishga topshirish uchun tayyorlangan ishlab chiqarish korxonalari, turar joylar, jamoat binolari, inshootlari va boshqa ob’yektlar Qurilish mahsulotlari hisoblanadi. Qurilishda ishlab chiqarish tsikli nisbatan uzun bo’lib (bir necha oydan bir necha yilgacha), ishlab chiqarish jarayoni turli ob- havo sharoitida ochiq usulda olib boriladi. Pudrat va xo’jalik usulidagi Qurilishni va montaj ishlarini, shuningdek, bino, inshootlarni kapital ta’mirlash ishlarini qurilish tashkilotlari va maxsus tashkilotlar; loyihalash, loyiha-konstruktorlik va qidiruv tashkilotlari; foydalanishga topshirish va razvedka-parmalash tashkilotlari amalga oshiradi. Tiklanadigan ob’yekt xususiyatlariga ko’ra sanoat, transport, qishloq, suv xo’jaligi, uy-joy, kommunal, ijtimoiy-madaniy va boshqa Qurilishlarga bo’linadi. Qurilish O’zbekiston Respublikasidagi moddiy ishlab chiqarishning eng muhim tarmoqlaridan birini tashkil etadi. Respublika iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulot tarkibida salmog’iga ko’ra Qurilish sanoat va qishloq xo’jaligidan keyin 3-o’rinda turadi. 2003 yilda yalpi ichki mahsulotning 4,5% (2000 yilda 6,1%), xalq xo’jaligida faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning 4,8% (11,9 ming) Qurilish hissasiga to’g’ri keladi. Qurilish xalq xo’jaligining barcha tarmoqlariga xizmat ko’rsatib, asosiy fondlarni qayta takror ishlab chiqarish uchun sharoitlarni ta’minlaydi, xalq xo’jaligining maqbul tarkibini barpo etish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni maqsadga muvofiq joylashtirish, respublikaning yangi tabiiy boyliklarini o’zlashtirish, bo’sh mehnat resurslarini ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etishga yordam beradi. Respublikada Qurilish ishlari pudrat, sub-pudrat va qisman xo’jalik usullarida olib boriladi. Qurilish industriyasi negizini davlat, aktsiyadorlik, shirkat, xususiy, qo’shma va boshqa pudrat qurilish-montaj tashkilotlari, shuningdek, o’z moddiy-texnika va ishlab chiqarish bazasiga, malakali ishchi va mutaxassis kadrlarga ega bo’lgan korxonalar, transport va boshqa yordamchi xo’jaliklar tashkil etadi. O’zbekistonda qurilish-montaj kompaniyalari, korporatsiyalari, qurilish aktsiyadorlik jamiyatlari va birlashmalari, quyi pudrat tashkilotlari, kichik korxonalar, qo’shma korxonalar, loyiha va ilmiy hamda qurilish sohasiga moslashtirilgan ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat ko’rsatadi. Qurilish-montaj ishlarining deyarli barchasini ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari amalga oshiradi. 2003 yilda respublikaning asosiy kapitalini ko’paytirishga 1867,4 milliard so’m miqdorida investitsiyalar kiritildi. Bu mablag’ning 1236,1 milliard so’mi (65,1%) ishlab chiqarish ob’yektlarini qurish, kengaytirish, takomillashtirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga yo’naltirildi. Barcha mulkchilik shakllaridagi Qurilish tashkilotlari tomonidan jami 808,1 milliard so’mlik Qurilish ishlari amalga oshirildi (shundan 717,4 milliard so’mi yoki 88,8% nodavlat mulkchilik shaklidagi Qurilish tashkilotlari hissasiga to’g’ri keladi). Qurilish ishlari umumiy hajmidan 76,9% yangi qurilishlar, faoliyat ko’rsatayotgan korxonalarni rekonstruktsiya qilish, kengaytirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga, 23,1% kapital, joriy ta’mirlash ishlariga to’g’ri keladi. O’rta va kichik biznesga mansub qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan Qurilish ishlari hajmi 350,4 milliard so’mni tashkil etdi (respublika bo’yicha bajarilgan qurilish ishlari umumiy hajmining 43,4%). Respublikaning turli mulkchilik shakllaridagi qurilish tashkilotlari va korxonalari ixtisoslashtirilgan korporasiya, kompaniya, aktsiyadorlik birlashmalariga uyushgan. Qurilish moddiy-texnika bazasining muhim tarkibiy qismini qurilish materiallari sanoati tashkil etadi.