Qurbonjon Dodxoh qo’zg’oloni

Qurbonjon Dodxoh qo’zg’oloni — chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi ko’tarilgan xalq qo’zg’oloni (1875-76). Bu qo’zg’olonga olay vohasi hokimi, olay malikasi sifatida mashhur bo’lgan Qurbonjon dodxoh boshchilik qilgan. «Po’latxon» qo’zg’oloni ommaviy tus olgach, Qurbonjon dodxoh o’z o’g’illari bilan qo’zg’olonchilar tomoniga o’tgan. 1876 yil mart oyida Turkiston general-gubernatori K.P. Kaufman olay vohasiga yangi hududlarni bosib olish va xalq qo’zg’olonlarini shafqatsiz bostirish bilan nom chiqargan general M.D. Skobelevni yuborib, qo’zg’olonchilardan 3 kunlik muddat ichida bo’ysunish va har bir o’tov soliq to’lashini talab qilgan. Chorvador qirg’izlar va o’zbeklar bosqinchilarga itoat qilmay, ularga qarshi Qurbonjon dodxoh boshchiligida kurashga otlangan. Skobelev rahbarligidagi Rossiya qo’shini 1876 yil 21 martda O’shga keladi. Skobelev aylanma yo’l orqali hujumga o’tib, qo’zg’olonchilarni So’fiqo’rg’ongacha surib tashlagan. Abdullabek qolgan yigitlari bilan Qizilort dovoni tomonga chekinib, Pomir tog’lariga chiqib ketgan. Kaufman buyrug’i bilan 1876 yil yozida Olay vohasiga jazo otryadi jo’natilgan. Skobelev boshchiligidagi qo’shin 15 iyulda Olayga 3 tomonlama — O’sh, Uchqo’rg’on va Gulchadan yo’lga chiqishgan. Abdullabek 2 ming kishilik qo’shini bilan O’shdan 40 chaqirim naridagi shoti degan joyda pistirma qo’yib, chor qo’shinlarini olayga o’tkazmaslikka harakat qilgan. Polkovnik Vitgenshteyn va qirg’iz Shabdon Jontoy o’g’li boshchiligidagi qismlar bilan Abdullabek qo’shini o’rtasida ayovsiz janglar bo’lgan. 31 iyulda qirg’izlarning bir necha biyi Skobelevga taslim bo’lgan. Vitgenshteyn qo’shini 1876 yil avgustda Abdullabek yigitlari ortidan quvib, Pomirga kirib borgan. 8 sentabrda So’xga yaqin aylanma degan joyda har 2 qo’shin o’rtasida so’nggi to’qnashuv bo’lib, unda Abdullabek boshchiligidagi qo’zg’olonchilar yengiladi. Abdullabek ukalari va safdoshlari bilan Qorako’ldan Cho’ngsuv darasiga o’tib, so’ngra Tuyuqsuv darasi orqali Qashqar va Shug’non tarafga, keyinchalik Afg’onistonga o’tib ketgan. Abdullabek o’sha yiliyoq Makkaga haj safariga jo’nab, yo’lda vafot etgan (uning jasadi keyinchalik Gulchaga olib kelinib, dafn etilgan). Farg’ona viloyati harbiy gubernatori Skobelev O’sh uezdi hokimi P.P.Ionov vositachiligida Qurbonjon dodxoh bilan muzokaralar olib borgan. Skobelev bilan Qurbonjon dodxoh Olayda shaxsan uchrashishgan va o’rtada sulh tuzilib, chor hukumatiga ko’rsatayotgan qurolli qarshilik to’xtatilgan (1876 yil oxiri). Qurbonjon dodxohning o’g’illari Mahmudbek, Hasanbek, Botirbek Kobuldagi quvg’inlikdan chaqirilib, ularga Olay vohasida yangi tuzilgan bo’lislarga boshchilik qilish topshirilgan. Uning kichik o’g’li Qamchibek esa keyinchalik rus ma’murlari tomonidan O’shda dorga osib o’ldirilgan (1895). Ad.: Bababekov X.N., Narodnie dvijeniya v Kokandskom xanstve i IX sotsialno-Ekonomicheskie i politicheskie predposshki, T., 1990; narodnme dvijeniya Sredney Azii vxgxveke (Po materialam Kmrgizstana). Bishkek-Osh, 1998. Qahramon Rajabov.