Novvot

Novvot — shakar qiyomidan tayyorlanadigan yaltiroq, qattiq, rangsiz yoki sarg’ish tusli shirinlik. Yirik qand kristallaridan iborat. Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Tarkibida 99,75% saxaroza (shakar moddasi) bor. Namligi 1% dan oshmaydi. Novvot olish texnologiyasi: qozonga 2 ulush shakar va 1 ulush suv (masalan, 10 kilogramm shakarga 5 l suv) solib, miltillatib qaynatish yo’li bilan sharbat hosil qilinadi. Sharbatni yaxshilab aralashtirib, ko’pik hosil bo’lguncha qaynatiladi, ko’pikni olib tashlab, qaynatish to’xtatiladi. Sharbatga tuxum (80— 100 kilogramm shakarga 1 l suvga chaqilgan 1 tuxum) qo’shiladi. Sharbatni yana qaynatib, ko’pigi olib turiladi. So’ngra maxsus qozonga 3-4 qator oq ip parallel tortiladi. Iplarning uchini birlashtirib, yelim bilan yopishtirib qo’yiladi. Boshqa qozonda qaynab turgan sharbat ip tortilgan qozonga quyiladi, 1 soatcha turgandan keyin sharbat sirtida parda hosil bo’ladi. Qozonni maxsus qopqoq bilan yopib, uch sutka shu qolicha qoldiriladi. Bu davrda iplar atrofida kristallar hosil bo’lib, o’sa boshlaydi. Uch sutkadan keyin qopqoqni ochib, qozonda qolgan sharbat boshqa idishga quyib olinadi. Undan qandolat mahsulotlari tayyorlashda foydalaniladi. Qozon tagiga yopishib qolgan Novvot ham iste’mol qilinadi. Kristallar yopishgan iplarni qozondan olib, stolda quritiladi. Novvot shu ipi bilan sotishga chiqariladi. Bu Novvot duri deyiladi (65% cha dur chiqadi). Novvotni kundalik shirinlik sifatida iste’mol qilish mumkin. Ad.: Rustamov A., Vostochnie sladosti i drugie saxaristie konditerskie izdeliya, T., 1965. Hojiakbar Muslimov.