Parkent
Parkent — Toshkent viloyati Parkent tumanidagi shahar (1984 yildan). Tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi va viloyat markazi (Toshkent shahri)dan 47 kilometr. Aholisi 45,5 ming kishidan ziyod (2003). Shahar aholisi va xo’jaliklari Parkentsoy va Parkent kanalidan suv oladi. Parkentda 1 qo’shma korxona, 22 kichik, 16 korxona, firmalar, 5 sanoat korxonasi, non zavodi, dehqon bozori bor. 14 umumiy ta’lim maktabi, musiqa va sport maktablari, ixtisoslashgan maktab, kasb-hunar maktablari, Markaziy va bolalar kutubxonalari, madaniyat uyi, «kichkintoy» bolalar xiyoboni, «onalar va bolalar bog’i», madaniyat va istirohat bog’i, stadion (10 ming o’rin), markaziy kasalxona, poliklinika, 12 dorixona, 75 savdo, 145 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi mavjud. Parkent — Toshkent yo’nalishida avtobus qatnaydi. Parkent o’rnida dastlab muqim turar joylar miloddan avvalgi 2-1-asrlar chegarasida paydo bo’lgan. Shahar to’g’risida «Boburnoma»da ham ma’lumotlar berilgan.