ASHEL MADANIYATI

ASHEL MADANIYATI — quyi paleolit davri madaniyati. Shu davrga oid tosh cho’qmor, bir yoki ikki tomoni uchirilib, o’tkir qilingan turli shakddagi chaqmoq toshlardan iborat qurollar dastlab Frantsiyaning Amen shahri yaqinidagi Sent-Ashelda topilgan va bu madaniyat shu joy nomi bilan atalgan. Ashel madaniyati davri odamlari ibtidoiy jamiyat tuzumining quyi bosqichida g’orlarda, daryo bo’ylaridagi pana erlarda to’dalashib yashab, ovchilik bilan hayot kechirgan. Olovdan foydalangan. Ashel madaniyati G’arbiy va Sharqiy Yevropada, Kavkaz, Old Osiyo, Afrikada tarqalgan. O’rta Osiyoda Ashel madaniyatiga oid qarorgohlar Janubiy Qozog’istonda (Qoratov), Toshkent viloyati (Ko’lbuloq), Farg’ona vodiysida (Selungur) va boshqa joylarda uchraydi.