O’ZBEKISTON MILLIY REABILITATSIYA MARKAZI

O’ZBEKISTON MILLIY REABILITATSIYA MARKAZI — O’zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli ilmiy tekshirish muassasasi; nogironlarni tibbiy, ijtimoiy, psixologik, huquqiy va kasb bo’yicha reabilitatsiya masalalarini o’rganadigan yirik ilmiy, tashkiliy metodik va konsultativ markaz. 1972 yil Toshkentda nogironlarni mehnat qobiliyatini aniqlash va tiklash ilmiy tadqiqot laboratoriya sifatida tashkil etilib, 1980 yil u nogironlarni mehnat qobiliyatini aniqlash va tiklash ilmiy tekshirish institutiga aylantirildi. 1997 yildan hozirgi nomda. Asosiy yo’nalishlari: nogironlik muammolarini tibbiy-mehnat ekspertizasi orqali fuqarolar mehnat qobiliyatini turg’un yo’qotish darajasini aniqlash, ularda saqlanib qolgan funktsional holatlarni turli reabilitatsiya chora-tadbirlari yordamida tiklash, o’ziga mos mehnat turi bilan shug’ullanishiga yo’llanma berish, ularni oila va mehnatga qaytarish, jamiyatda o’z o’rnini topishga yordam berish, shuningdek, malakali reabilitolog mutaxassislarni tayyorlash, joylardagi tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) hamda 10 ta mintaqaviy hududiy reabilitatsiya markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ilmiy tekshirish asosida ishlab chiqilgan uslubiy me’yoriy hujjatlarni amaliyotga joriy qilish. Markazda 3 ilmiy bo’lim (terapiya, jarrohlik, nevrologiya), 150 o’rinli klinika, funktsional diagnostika va testlash, fizioterapiya, biokimyoviy laboratoriya, rentgen xonasi va qabulxona bor. O’zbekiston milliy reabilitatsiya markazida 5 ta fan doktori, 12 fan nomzodi va 30 dan ziyod ilmiy xodim xizmat qiladi (2005). Aspirantura bo’limi ochilgan (2003). Ilmiy kengash faoliyat ko’rsatadi, monografiya, uslubiy qo’llanma va boshqalar nashr etiladi.