O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY-HUDUDIY TUZILISHI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY-HUDUDIY TUZILISHI — O’zbekiston hududining ma’lum qismlarga bo’linishi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-bobi O’zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishiga bag’ishlangan. Konstitutsiyaga ko’ra, «O’zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasidan iborat» (68-modda). O’zbekiston Respublikasining hozirgi ma’muriy-hududiy bo’linishi mamlakatning ishlab chiqaruvchi kuchlari ahvolini, ularning joylashish xususiyatini, transport va aloqa vositalarining rivojlanishi, joylardagi boshqaruvning tashkiliy tuzilishini aks ettiradi. Viloyat O’zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tizimidagi yuqori bo’g’indir va eng yirik bo’linma sifatida alohida o’rin tutadi. Hududiy tizimning qolgan bo’g’inlari — tuman, shahar, shaharcha, tsishloq, ovul viloyatning tarkibiy qismlari, ichki bo’g’inlaridir. Qishloq joylaridagi iqtisodiy, xo’jalik va ijtimoiy-madaniy hayotga tumanlar orqali bevosita rahbarlik amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasidagi shaharlar respublika bo’ysunuvidagi, viloyat, Qoraqalpog’iston Respublikasi va tuman bo’ysunuvidagi shaharlarga bo’linadi. Respublika bo’ysunuvidagi shaharlar toifasiga aholisi 500 ming kishidan ortiq yirik iqtisodiy, madaniy, ma’muriy markaz bo’lgan shahar (Toshkent shahri) kiradi. Viloyat, Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’ysunuvidagi shaharlar turkumiga, qoida tariqasida, kamida 30 ming aholisi bo’lgan, muhim ma’muriy ahamiyat kasb etadigan, istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar deb hisoblangan shaharlar kiritilishi mumkin. Tuman bo’ysunuvidagi shaharlar turkumiga sanoat korxonalari, kommunal xo’jaligi, davlat uyjoy fondi, rivojlangan ijtimoiy-madaniy muassasalari, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari mavjud bo’lgan hamsa aholisi 7 ming kishidan kam bo’lmagan va uning 2-qismini ishchi, xizmatchilar, ularning oila a’zolari tashkil etgan shaharchalar, aholi punktlari kiradi. Qishloq, ovul, shaharcha — respublika ma’muriy-hududiy tizimidagi eng quyi bo’g’inlar. Shaharchalar turkumiga sanoat korxonalari, qurilishlar, temir yo’l stansiyalari va boshqalar muhim ob’yektlar yaqinida joylashgan hamda, qoida tariqasida, kamida 2 ming aholisi bo’lgan aholi punktlari kiritilishi mumkin. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o’zgartirish, shuningdek, viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi. «O’zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o’zgartirish masalalarini hal etish tartibi to’g’risida»gi qonun (1996 yil 30 avgust)da viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullarni tuzish, tugatish, ularning chegaralarini o’zgartirish, ma’muriy Markazlarni ko’chirish tartibi belgilangan.