YETMAK

YETMAK (Acanthophyllum) — chinniguldoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’simliklar bir necha turlarining umumiy nomi. O’zbekistonning adir va tog’yon bag’irlarida A.gypsophiloides va A.paniculatum o’sadi. Bo’yi 50-80 santimetr, barglari qarama-qarshi, shapaloq, qalami yoki nashtarsimon. Barg bandi va sershox poyasi tuksiz yoki mayda tukchalar bilan qoplangan. Gullari mayda, shoxlarining uchida ikkitadan joylashgan. Gulbargi 5 ta, och pushti, changchisi 10 ta, 2 qator joylashgan. Mevasi bir urug’li. Urug’i och jigarrang yoki qo’ng’ir, qattiq qobikli. Ildizi burama o’q ildizdan iborat bo’lib, 2 metrdan ortiq chuqurlikka boradi. Yetmak ildizining tarkibida 10-30% saponin moddasi, shuningdek, aglikonogipsogen, 3 molekula ksiloza va bir molekula glyukuron kislota, galaktoza, ramnoza, furoza va arabinoza kabi moddalar bor. Ildizidan aholi nisholda tayyorlashda ko’pirtiruvchi modda sifatida foydalanib keladi. Yetmak oziq-ovqat, qandolat va vinochilik sanoatida, tibbiyotda (balg’am ko’chiruvchi va organizmni mustahkamlovchi dorilar tayyorlashda) qo’llaniladi, to’qimachilik sanoatida gazlamalarni okartirish, ipak va jun gazlamalarni yuvish uchun ham ishlatiladi.