AVTOMATIK NAZORAT

AVTOMATIK NAZORAT — avtomatik xabarlash, o’lchash va rostlash asboblari yordamida turli ishlab chiqarish jarayonlarini odam ishtirokisiz tartibga solib turish va qayd qilib borish. Avtomatik nazorat texnologik jarayon parametrlari (qiymatlari) ning o’zgarishiga binoan mashina va apparatlarning boshqarish va tartibga solish organlariga tez va aniq ta’sir etishini ta’minlovchi asosiy vositalardan biri. Avtomatik nazoratda o’lchash asboblari nazorat qilinayotgan parametrlarning qiymatlarini diagrammalarga yozib boradi yoki texnologiya jarayonini tartibga soluvchi, detallarni saralovchi va boshqa moslamalarga ta’sir etadi. Bunga differentsial o’lchash usuli, o’rnini qoplab o’lchash usuli, ko’priksimon o’lchash usuli va nol o’lchash usulini qo’llab erishiladi. Bu usullarning hammasi o’lchash jarayonini pnevmatik (havo) yoki elektrik avtomatlashtirishga imkon beradi.